Shavkat Mirziyoyev Termizdagi etnoshaharchaga bordi
Jamiyat
−
26 fevral 1148 1 daqiqa
Bugun, 26 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida barpo etilgan etnoshaharchaga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu loyiha Surxondaryo tarixi, hunarmandchiligi va an’anaviy san’ati namunalarini namoyon etish uchun zamonaviy infratuzilmaga ega yangi madaniy maskan sifatida yaratilgan.


Majmua 10 million dollarlik investitsiya hisobidan barpo etilgan. Olti gektar maydonda tarixiy qiyofadagi binolar, oilaviy mehmon uyi, do‘mbira ustaxonasi, baxshichilik ekspozitsiyasi, milliy taomlar restorani, bolalar uchun o‘yin maydonchasi hamda musiqiy favvoralar qad rostlagan.


Shaharcha yiliga 180 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega, bu yerda 250 nafar odamga doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Mehmonlar nafaqat hunarmandlarning mahsulotlarini xarid qilishlari, balki ularning ishini kuzatishlari ham mumkin.
Prezident turizm maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan, hunarmandlar bilan muloqot qilib, tashrif buyuruvchilar uchun tashkil etilgan badiiy dasturni tomosha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoga viloyatiga tashrifi chog‘ida umumiy qiymati 7,1 mlrd dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirgandi. Shuningdek, Prezident Jarqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga tashrif buyurib, sumalak saylida ishtirok etdi va viloyatdagi harbiy qismda ham bo‘ldi.
Live
Barchasi