Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda 44 ta loyihani ishga tushirdi

Jamiyat

image

Bugun, 26 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda umumiy qiymati 7,1 mlrd dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, davlat rahbari Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti bilan ham tanishgan.

So‘nggi yillarda viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanib, investorlarning hududga qiziqishi tobora ortmoqda.

O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trillion so‘mga yetgan. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4 ming 820 taga yetkazilib, 18,8 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Dunyoning 37 davlatiga 483 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilingan. 

Davlat rahbariga taqdimot qilingan loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati va geologiya, yengil sanoat, oziq-ovqat, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, ta’lim, xizmat ko‘rsatish hamda turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.

Umumiy qiymati qariyb 1,6 milliard dollar bo‘lgan loyihalar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, Mo‘g‘uliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari investorlar bilan suhbatlashgan. Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, tog‘-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab bergan.

Jumladan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va mahalliy investorlar ishtirokida 741 million dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirilgan.

Shuningdek, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Afg‘oniston davlatlari bilan hamkorlikda 6 milliard 300 million dollarlik 31 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 82 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 1 milliard 400 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massiviga tashrif buyurib, sumalak saylida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Shavkat Mirziyoev loyiha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing