Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda qurilayotgan yerosti avtoturargohini ko‘zdan kechirdi

Jamiyat

image

Bugun, 30 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi yerosti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagini barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrdan iborat bo‘lgan, qiymati 100 million dollarlik mazkur avtoturargohda birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil hamda 30 ta mototsikl va skuterlarni joylashtirish imkoniyati bo‘ladi. To‘rt tomonlama qulay va xavfsiz harakatlanish uchun piyodalar yo‘lagi quriladi.

Bu yerda avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, velosipedlar ijarasi nuqtalari tashkil qilinib, elektromobillarni zaryadlash uchun stansiyalar ham barpo etiladi. Mazkur avtoturargohni 2026 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Prezident bu kabi zamonaviy avtoturargohlarni ko‘paytirish, ular aholi uchun maksimal darajada qulay bo‘lishini ta’minlash, kelgusida elektromobillar ulushi ortishini hisobga olib, ularni quvvatlash infratuzilmasini yanada rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.  

Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun ma’muriy binolar qurilmoqda. Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining modul turdagi yangi binosi barpo etilgan. 1,4 gektar yer maydonda umumiy maydoni 5751 kvadrat metrni tashkil etuvchi 5 ta bir qavatli yengil metall konstruksiyali, bazalt qoplamali sendvich panellardan iborat binolar qurilgan.

Mazkur bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir makonda joylashtirish imkonini berib, muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik va ish jarayonlarining samaradorligini oshiradi.

Yengil konstruksiyalar va energiya samarador sendvich panellar, mustaqil oqova tizimi, samarali markazlashgan isitish, sovitish va shamollatish tizimi ushbu binoning ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish, kelgusida uni kengaytirish yoki demontaj qilish imkonini beradi hamda tez moslashuvchanligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda yangi binoda vazirlik markaziy apparati va tizimdagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi jami 550 nafar xodim ishlamoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham shu binoda joylashgan. Hozirda markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizida bir qator platformalar ishga tushirilgan.

Davlat rahbariga platformalar faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimida shahar va tumanlar hududlariga oid barcha ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar yagona raqamli bazaga jamlangan. Geoportal orqali aholi punktlarining 3D formatdagi “raqamli egizaklari” yaratilgan, rekonstruksiya va renovatsiya zonalari belgilab olingan hamda hududlarni kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratilgan.

Bosh rejalarni ishlab chiqish va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, shuningdek, ular asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan. Bugungi kunga qadar 20 ta shahar, 22 ta shaharcha, 843 ta tuman aholi punktlarining raqamli bosh rejalari ishlab chiqilib geoportalga joylashtirilgan

“Reyting” elektron platformasida qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini baholash avtomatlashtirilgan. “Tender” elektron platformasi vazirlik va idoralarning elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan. “Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish” elektron platformasining yangi versiyasi ishlab chiqilib, qurilish sohasidagi barcha 9 ta xizmat qamrab olingan.

“Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish”,  “Qurilishda davlat nazorati”, “Mening uyim”, “Mening hududim”, “Issiqlik ta’minoti billing tizimi” kabi qator platformalar ham faoliyat yuritmoqda.

Tizimni yanada takomillashtirish, shaffoflashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.

Davlat rahbari shu yerda yosh mutaxassislar bilan suhbatlashgan.

“Kechagi bilim bilan bugun katta natijalarga erishish qiyin. Buning uchun har kuni izlanish, aniq fanlar, xususan, axborot texnologiyalarini yaxshi o‘rganish kerak, bu qurilish sohasida ham juda muhim”, deydi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Yangi Toshkent erosti avtoturargohi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing