Toshkent va Yangi Toshkentni bog‘laydigan tramvay yo‘li quriladi
Jamiyat
−
30 dekabr 2025 3201 2 daqiqa
Bugun, 30 dekabr kuni Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxt va Yangi Toshkent o‘rtasida transport aloqalarini mustahkamlash, transport oqimini samarali boshqarish hamda aholi uchun qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan mazkur loyihalar shahar infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi ko‘prik Toshkent va Yangi Toshkentni bog‘laydi. Bir sutkada 40-50 mingta avtotransport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan bo‘lib, ayni paytga kelib loyihaning dastlabki qismi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohil hududlari ko‘kalamzorlashtiriladi, energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatiladi, piyodalar va velosiped yo‘laklari barpo etiladi. Shuningdek, ko‘prik orqali ikki tasmali tramvay yo‘li yotqizilishi rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bog‘laydigan bo‘lajak metro liniyasining uzunligi 21 kilometrni tashkil etib, 9 ta zamonaviy bekatni o‘z ichiga oladi. U kuniga 230 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Liniya poytaxt metrosining mavjud tarmoqlari bilan to‘liq integratsiya qilinadi, bu esa yo‘lovchilar uchun yagona va uzluksiz transport tizimini shakllantiradi.

Davlat rahbari bo‘lajak liniyaning avtoturargoh bilan integratsiyalashgan bekatlaridan birining qurilish jarayoni bilan tanishgan. Metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi, unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratilib, xavfsizlik va funksionallikka ustuvor ahamiyat beriladi.
Ayni paytda hududda yer ishlari va beton quyish ishlari olib borilmoqda. Majmua 2027 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezident loyihalarning Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini ta’kidlab, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda, yuqori sifatda amalga oshirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi binolarining qurilishini кo‘zдан kechirgandi. Shuningdek, Yangi Toshkent hududida qurilayotgan energetika ob’ektlari, yerosti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagi bilan tanishgan edi.
Live
Barchasi