Shimoliy koreyalik sapyorlar Kurskni minadan tozalashga tashlandi
Olam
−
14 noyabr 2025 2345 2 daqiqa
Rossiya armiyasi va Ukraina Qurolli kuchlari o‘rtasida janglar bo‘lib o‘tgan Kursk viloyatida Shimoliy Koreya sapyorlari minadan tozalash ishlarini boshladi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligining “Krasnaya zvezda” gazetasi xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, shimoliy koreyalik harbiylar tankka qarshi va piyodaga qarshi minalarni, jumladan, Amerikaning Claymore, Finlandiyaning Hailstorm minalarini, shuningdek, turli xil artilleriya snaryadlarini zararsizlantirmoqda. “Krasnaya zvezda”ning yozishicha, ular ishga kirishishdan oldin Rossiya muhandislik qo‘shinlarining o‘quv markazlarida qo‘shimcha tayyorgarlikdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning avgust oyida Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatiga hujum qilib, 1 ming kvadrat kilometrdan ortiq hududni nazoratga olgan edi . Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi olti oydan ortiq jang olib bordi va faqat 2025 yil aprel oyi oxirida Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov viloyat “to‘liq ozod qilingani”ni e’lon qildi. Kurskdagi janglar uchun Moskva birinchi bor Shimoliy Koreya harbiylarini jalb qildi. Ungacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakatlar o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan bo‘lib, u agressiya holatida o‘zaro harbiy yordamni ham nazarda tutadi. Janubiy Koreya razvedkasining ma’lumotiga ko‘ra, Pxenyan 2024 yilda Rossiyaga taxminan 10 ming harbiy yuborgan.
2025 yil iyun oyida Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu KXDRga safaridan so‘ng, Kim Chen In Kursk viloyatini tiklash va minalardan tozalash uchun yana 6 ming shimoliy koreyalikni, jumladan 1 ming sapyorni yuborishga qaror qilganini aytdi. Shundan so‘ng Janubiy Koreya razvedkasi sentyabrdan boshlab KXDRning 5 mingga yaqin harbiy quruvchisi Rossiyaga “bosqichma-bosqich ko‘chirilayotganini” ma’lum qildi.
Live
Barchasi