Shov-shuvli yubiley: Mariya Zaxarova 50 yoshga to‘ldi
Olam
−
25 dekabr 13769 3 daqiqa
Kecha, 24 dekabr kuni 10 yildan beri “Rossiya diplomatiyasining ovozi” bo‘lib kelayotgan Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili, Axborot va matbuot departamenti direktori Mariya Zaxarova 50 yoshga to‘ldi. Uning yubileyi mamlakatda shov-shuvli tarzda nishonlandi. Prezidentdan tortib, Ukrainada jang qilayotgan harbiy bo‘linmalargacha unga tabrik yo‘lladi. Sovg‘alar va unvonlar berildi, jarayon esa Rossiya mediasida keng yoritildi.
Dastlab Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Mariya Zaxarovani yubileyi munosabati bilan tabrik telegrammasi orqali qutladi. Moskva va butun Rus patriarxi Kirill esa Zaxarovani buyuk knyaz Aleksandr Nevskiy ordeni (II daraja) bilan taqdirladi.
Kunning ikkinchi yarmida Kremlda davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi va Putin u yerda ham Mariya Zaxarovani yubileyi bilan tabrikladi.
Rossiya Prezidenti tantanali marosim chog‘ida Rossiya TIV Axborot va matbuot departamenti direktoriga “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni IV darajasini topshirdi. Putinning ushbu orden bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni “Rossiya Federatsiyasining tashqi siyosiy kursini amalga oshirishga qo‘shgan hissasi va ko‘p yillik vijdonan diplomatik xizmati uchun” degan izoh bilan 17 aprel kuni e’lon qilingan edi.
Orden Putindan yagona sovg‘a emas edi. Tantanali marosimdan so‘ng ishtirokchilar shampan bokallari bilan norasmiy muhitda muloqot qildi va Putin Zaxarovaga Kreml va Georgiy Pobedonosets tasviri tushirilgan shkatulkani sovg‘a qildi.

Zaxarova esa Prezidentga javob sovg‘asini qaytardi.
“Men ham sizga sovg‘a bersam bo‘ladimi? Balki siz tabassum qilarsiz”, dedi TIV rasmiy vakili Putinga murojaat qilib va qo‘lida “(shaxsan) V.V. Putinga” deb yozilgan konvertni uzatdi.
Zaxarovaning jurnalistlarga tushuntirishicha, konvertda “ordenlar ortida nima turgani haqidagi kichik esse” bor.
Ma’lumot uchun, Mariya Zaxarova 1975 yilda tug‘ilgan. 1998 yilda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti xalqaro axborot fakultetini xalqaro jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha tamomlaganidan so‘ng, Rossiya TIV tizimida ish boshlagan. 2015 yil avgust oyida u Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Axborot va matbuot departamenti direktori etib tayinlangan. Zaxarova ingliz va xitoy tillarini biladi. U Favqulodda va muxtor elchi diplomatik unvoniga ega.
Mariya Zaxarova o‘z faoliyati davomida Markaziy Osiyodagi sobiq ittifoq davlatlarining ichki ishlariga xalqaro diplomatik qoidalarni unutgan holda aralashib turishi, mamlakati nomidan nomaqbul bayonotlar berib borishi bilan tanilgan. Masalan, u o‘tgan yilning 23 sentyabr kuni Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabining 6-sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytarib, tortishib qolgani ortidan O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashib, Toshkentdan tushuntirish berishni va o‘qituvchiga chora ko‘rishni so‘ragan edi. Buni jamoatchilik, faollar va deputatlar boshqa mamlakatning ishlariga aralashuv va vaziyatni siyosiylashtirishga urinish, deb baholagandi.