Shvetsiya Ukrainaga yangi yordam paketini e’lon qildi
Olam
−
30 Sentabr 2459 2 daqiqa
Shvetsiya hukumati Ukrainaga 110 million dollardan ortiq qiymatga ega yangi qishki yordam paketini taqdim etadi. Bu haqda “Placera” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yordam paketi 1145 milliard shved kronasini (110 million dollar) tashkil etib, joriy yilning oxirigacha yetkazib beriladi va u Ukrainadagi tiklanish hamda rivojlanish ehtiyojlarini, shuningdek, qish mavsumi oldidan eng shoshilinch gumanitar talablarni qoplashga yo‘naltiriladi.
Bayonotda Shvetsiya Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi lozimligi, ayniqsa, Rossiya tomonidan urush kuchaygan bir paytda bu yanada muhim ekani ta’kidlanib, Ukrainadagi ozodlik uchun kurash butun Yevropa xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga egaligi aytiladi. Yordam paketi energetika, uy-joy, sog‘liqni saqlash, minalardan tozalash, ichki ko‘chirilgan shaxslar va qochqinlarga yordam hamda mustaqil OAVni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, 450 million krona energiya ta’minoti, elektr ishlab chiqarish va muhim infratuzilmani ta’mirlashga, 385 million krona energetika va uy-joy infratuzilmasini ta’mirlash, qochqinlarga yordam hamda davlat xizmatlarini qo‘llashga, 100 million krona minalardan tozalash, vayronalarni bartaraf etish va iqtisodiyotni tiklashga, 50 million krona front chizig‘i yaqinidagi hududlarga gumanitar oziq-ovqat yordami ko‘rsatishga, 30 million krona mustaqil OAVni qo‘llashga, 25 million krona sud tizimini mustahkamlashga, 10 million krona esa logistika va transport sohasida kadrlar tayyorlash orqali Ukrainadagi mehnat bozorini yaxshilashga ajratiladi.
Yordam xalqaro dasturlar orqali, jumladan, Jahon banki, BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi va boshqa agentliklar orqali yetkazib beriladi. Shvetsiya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda Ukrainaga ko‘rsatilgan umumiy fuqaroviy yordam miqdori 9 milliard shved kronasini (taxminan 819 million dollar) tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya, Shvetsiya va Daniya hukumati Ukrainaga AQSHdan qurol xarid qilish uchun 486 million dollar ajratgandi. Shvetsiya ushbu tashabbus doirasida 275 million dollar ajratishi rejalashtirilgan edi.
Live
Barchasi