Sindorov va Yoqubboyev yarim finalga chiqdi

Jamiyat

image

Hindistonning Goa shahrida shaxmat bo‘yicha 2025 yilgi Jahon kubogi (FIDA World Cup 2025) musobaqasida chorak final bahslarida o‘zbekistonlik shaxmatchilar Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev g‘alaba qozonib, Jahon kubogida yarim finalga chiqdi. 

Dastlab, Nodirbek Yoqubboyev chorak finalda germaniyalik Aleksandr Donchenkoni klassik partiyalardan so‘ng 1,5-0,5 hisobida mag‘lub etdi. Javohir Sindorov esa meksikalik Xose Martinesga qarshi dona surdi. Ular o‘rtasidagi klassik partiyalarning har ikkisi ham durang bilan yakunlandi. Shu bois Javohir 19 noyabr kuni meksikalik sportchiga qarshi rapidda 4 ta tay-brek o‘yinini o‘tkazdi. 15+10 vaqt nazorati bilan o‘ynalgan bahslarda tomonlar bittadan g‘alabaga erishdi. 10+10 formatidagi o‘yinlarda esa Javohir qora donalarda durang qayd etdi, oq donalarda esa g‘alaba qozondi. Yakuniy hisob — 3,5:2,5.

Shu tariqa yarim finalda Sindorov va Yoqubboyev o‘zaro kuch sinashadi. Bu esa kamida bir nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi finalga chiqishini anglatadi. Ta’kidlash joiz, bunday holat o‘zbek shaxmati tarixida ilk bor kuzatilmoqda.

FIDE Jahon kubogi amaldagi jahon chempionini aniqlab bermaydi, biroq musobaqada dastlabki uch o‘rinni olgan shaxmatchilar 2026 yilgi shaxmat toji uchun da’vogarlar turniriga yo‘llanma oladi. Demak, 2026 yilgi da’vogarlar turnirida ilk bor kamida bir o‘zbekistonlik shaxmatchi qatnashadi. 3-o‘rin uchun bahs bo‘lishi hisobga olinsa, har ikki shaxmatchi ham da’vogarlar turniriga yo‘l oladi.

Yarim final bahslari 21-22 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Yarim final juftliklari:

Javohir Sindorov (O‘zbekiston) – Nodirbek Yoqubboyev (O‘zbekiston) Andrey Esipenko (Rossiya) – Vey Li (Xitoy)

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20-26 may kunlari Shvetsiyaning Malmyo shahrida “Tepe Sigeman & Co Chess 2025” turniri bo‘lib o‘tdi va unda o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov g‘olib bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston yarim final World Cup

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing