Sirdaryoda IIB xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida ikki nafar IIB xodimi o‘g‘rilik ishini bosti-bosti qilish evaziga pora talab qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning oktyabr oyida Xovos tumanida bog‘dorchilik bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli dala maydonidan polietilen sellofan o‘g‘irlab ketilgani holati bo‘yicha mazkur tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat kelib tushgan.

Shundan so‘ng, Ichki ishlar bo‘limi Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor unvonidagi 2 nafar katta tezkor xodimi o‘g‘rilikda gumon qilib, 4 fuqaroni majburiy tarzda IIBga olib ketgan. So‘ngra ularni qamab yuborish bilan qo‘rqitib, ishni bosti-bosti qilish uchun 55 mln so‘m talab qilgan.

Keyinroq, tezkor xodimlar “zararni qoplash uchun” vaji bilan gumonlanuvchi shaxslardan 24 mln so‘m olgan.

Shuningdek, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llamaslik hamda to‘plangan hujjatlarni ma’muriy javobgarlik keltirib chiqaruvchi holatga to‘g‘rilab, sudga yuborish evaziga qo‘shimcha 11 mln so‘m talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur xodimlar ta’magirlik yo‘li bilan 11 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlngan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v“, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida 500 dollar pora olgan Majburiy ijro byurosi xodimi qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

pora Sirdaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing