Sirdaryoda xitoyliklar bilan avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi
Jamiyat
−
04 dekabr 6032 2 daqiqa
Kelasi yilda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida xitoylik hamkorlar bilan avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi. Bu haqda bugun, 4 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Sirdaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aytildi.
Qayd etilishicha, avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha loyihaning qiymati 122 million dollarni tashkil qiladi. Shuningdek, yaqinda Qozog‘iston bilan Sirdaryo tumanidagi Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berilgan. Ushbu markaz hududida 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yil 1-chorak yakunida ish boshlaydi, 2026 yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyihalar joylashtiriladi.
O‘tgan yili tomorqani ishga solish, kichik sanoat va servis orqali odamlarning daromadini oshirish bo‘yicha yangicha ishlash tizimi Sayxunoboddan boshlangan. Tumandagi 13 ming xonadonda tomorqadan samarali foydalanish hisobiga oylik daromad bir necha barobarga ko‘paygan. Mahallalardagi 1,8 ming xonadonda 5-6 sotixli, yana 622 tasida 2-3 sotixli issiqxonalar qurilgan. Bir yarim yilda 700 ta yangi tadbirkor ish boshlagan, 15 ming ishsiz doimiy daromadga ega bo‘lgan, 1,5 ming oila kambag‘allikdan chiqqan.
“Qilsa bo‘lar ekan! Mana, eng “og‘ir” tumanlardan biri bo‘lgan Sayxunobodda bugun hayot, odamlarning kayfiyati qanday o‘zgarganiga guvoh bo‘lyapsizlar”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Guliston shahridagi ichki yo‘llar bo‘ylab qatnovlarni amalga oshirish maqsadida 52 ta avtobus olib kelingani haqida xabar berilgandi. Ular “Yevro-5” standarti talablariga to‘liq javob beradi hamda tabiiy siqilgan gazda harakatlanadi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu avtobuslar taqdimot qilindi.
Live
Barchasi