Sirdaryoda narkolaboratoriya tashkil qilgan “kimyogar” ushlandi (video)
3-sahifa
−
23 yanvar 2187 3 daqiqa
Sirdaryo va Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Guliston shahrida harakatlanayotgan 2002 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi Gentra rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, haydovchining uyali telefonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalariga oid ma’lumotlar olingan.
Tezkor surishtiruv tadbirlari natijasida, u 2025 yilning dekabr oyidan buyon Telegram messenjeridagi tegishli kanallarda bir vaqtning o‘zida “kladmen” va “kimyogar” lavozimlarida ishlab kelgani hamda Guliston shahrida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlangan.
Ushbu manzildan taxminiy chakana narxi 1,8 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 2 kg 787 gr “Pregabalin”, kapsula ko‘rinishidagi 1900 dona “Pregabalin” va 150 dona “Tropikamid” hamda 1 litr “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda ularni tayyorlashda foydalaniladigan turli anjomlar rasmiylashtirib olingan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatalari olib borilmoqda.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Toshkent shahrida yashovchi, 1983, 1988 va 1998 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs 36 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini shartli xaridorga 3 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ushlangan. Shuningdek, ularga tegishli Spark rusumli avtomashinadan 108 dona “Regapen” va 89 dona “Zardeks” dorilari ham olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan biri tomonidan Yunusobod tumanida ijaraga olingan xonadondan ham kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan 7784 dona “Regapen” va 200 dona “Zardeks” dorilari olingan.
Dastlabki surishtiruv davomida, ularni bu turdagi dori vositalari bilan Qo‘qon shahrida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro ta’minlab kelgani aniqlanib, Qirg‘iz Respublikasidan kontrabanda qilingan 5000 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini poytaxtga olib kelgan vaqtida, u ham ushlangan.
Tezkor tadbirlar natijasida jami 13217 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining savdosiga chek qo‘yilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatiga 1,3 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kirgan shaxs ushlangandi.
Live
Barchasi