Slovakiyada velosipedlarning tezligi cheklanadi
Olam
−
31 Oktabr 1708 1 daqiqa
Slovakiya hukumatining Yo‘l harakati to‘g‘risidagi yangi qonunga ko‘ra, piyodalar yo‘lagida harakatlanayotgan yengil transport vositalarining foydalanuvchilari tezlikni soatiga 6 km tezlikdan oshirishi taqiqlandi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, cheklov velosipedchilar, skeyterlar, skuter va elektron skuter haydovchilariga taalluqli. Ularning barchasi piyodalar yo‘laklarida ruxsat etilgan tezlikda oshmasligi kerak.
Deputat Lubomir Vajni STVR televideniyesida so‘zlagan nutqida qonun loyihasiga oydinlik kiritib, yangi qoidalar yo‘lovchilarning xavfsizligi uchun ishlab chiqilganini bildirGAN. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘llardagi halokatlarni shu yo‘l bilan oldini olish mumkin.
“Skuter haydovchilari va piyodalar bilan to‘qnashuvlar soni ortib borayotgani munosabati bilan ushbu qoidalar ishlab chiqildi. Qaror yo‘llarda piyodalarning xavfsizligi uchun xizmat qiladi. Bu odamlar qo‘llarida spidometr bilan yurishlari kerak degani emas”, deydi deputat.
Qonun loyihasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bahs va kulgilariga sabab bo‘lgan. Ba’zilar avtobusda yugurganlarni ham jarimaga tortish kerakligi haqida izoh qoldirgan.
Qonun 2026 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi.
Bunyod Keldiboyev