Sobiq bosh vazir “terrorchi” deb e’lon qilindi

Olam

image

Rossiyadagi Moliyaviy monitoring bo‘yicha federal xizmat mamlakatning sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanovni o‘zining “terrorchilar va ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda idoraning rasmiy saytida xabar berildi.

Ro‘yxatga iqtisodchi Sergey Guriyev va “Novaya Gazeta Yevropa” bosh muharriri Kirill Martinov ham kiritilgan. Qonunchilikka ko‘ra, mazkur ro‘yxatga tushgan shaxslarning bank hisoblari bloklanishi va ularga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilishi kerak.

Kasyanov, Guriyev va Martinov “xorijiy agent” deb e’lon qilingan, xorijda yashaydi va Rossiya aksilurush qo‘mitasi tarkibiga kiradi. Joriy yilning 14 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati (FXX) qo‘mita a’zolariga nisbatan “hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash” va “terroristik hamjamiyat tashkil etish” moddalariga binoan jinoyat ishi ochgan. Ukraina urushi boshlanganidan keyin tashkil etilgan mazkur qo‘mita Rossiyada “nojo‘ya tashkilot” deb topilgan. FXX uni davlat to‘ntarishi va “konstitutsion tuzumni o‘zgartirish”ga urinishda ayblamoqda.

Ma’lumot uchun, Mixail Kasyanov 2000 yil mayidan 2004 yil fevraligacha Vladimir Putin prezidentligi davrida Rossiya hukumatini boshqargan, undan avval esa Moliya vazirligini boshqargan. 2010 yilda u Boris Nemsov, Vladimir Rijkov va Vladimir Milov bilan birga “O‘zboshimchilik va korrupsiyasiz Rossiya uchun” koalitsiyasini tuzgan. Bu harakat keyinchalik “Xalq erkinligi partiyasi”ga aylangan, u 2023 yil may oyida Oliy sud qarori bilan tugatilgan.

Yaqinda “terrorchilar va ekstremistlar” ro‘yxatiga Rossiya aksilurush qo‘mitasining yana uch a’zosi – siyosatshunos Yekaterina Shulman, tadbirkorlar Boris Zimin va Mixail Kokorich kiritilgan. FXXning jinoyat ishi bo‘yicha ma’lumotida jami 22 kishi va “boshqa noma’lum shaxslar” tilga olingan. Xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, qo‘mita tashkilotchilari “Ukrainaning qurollangan millatchi bo‘linmalarini” moliyalashtiradi, u yerga odamlarni “yollaydi” va o‘z maqsadi sifatida Rossiyadagi amaldagi hokimiyatni “yo‘q qilishni” ko‘zlaydi. 

Aksilurush qo‘mitasi esa o‘z saytida ular Kreml boshlagan urushga qarshi chiqqan odamlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya bosh vazir Mixail Kas'yanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing