Sobiq vazir Qo‘chqorov AQSHda kurerlik qilayotgani ma’lum bo‘ldi (video)

Olam

image

Qirg‘izistonning Mehnat va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha sobiq vaziri Ulug‘bek Qo‘chqorov AQSHda kurerlik qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar va post muallifi Qirg‘iziston Jogorku Keneshining sobiq deputati Ulug‘bek Qo‘chqorov deb atayyotgan erkak aks etgan video ommalashib bormoqda. E’lon qilingan kadrlarda erkak kishi avtomobil bagajiga paketlarni yuklayotganini ko‘rish mumkin. Post mualliflarining bildirishicha, u AQSHda Amazon kompaniyasida kurer bo‘lib ishlamoqda.

Ushbu video foydalanuvchilar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab sharh qoldiruvchilar har qanday halol mehnat hurmatga loyiq ekanligini qayd etgan. Ba’zilar esa Qo‘chqorovning siyosiy faoliyatini va Qirg‘izistondagi davlat lavozimlarida ishlagan davrlarini yodga olgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Qo‘chqorov “Ata-Jurt” partiyasidan V chaqiriq Jogorku Kenesh deputati bo‘lgan. 2017 yilda u prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan, 2018 yil oktyabrida esa Qirg‘iziston Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri etib tayinlangan.

2020 yilda u “Birdamlik” partiyasidan parlament deputatligiga o‘z nomzodini qo‘ygan. 2020 yil oktyabr oyidagi siyosiy voqealardan so‘ng Qo‘chqorov vazir lavozimidan ozod etilgan.

Bir qator nashrlarning ma’lumotlariga ko‘ra, u so‘nggi bir necha yildan beri oilasi bilan Chikagoda istiqomat qilmoqda. Shu bilan birga, u o‘zining hozirgi faoliyati haqidagi ma’lumotlarni ommaga izohlamagan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil oktyabr oyida Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlaridan keyin mamlakatdagi siyosiy vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuborgan ommaviy norozilik namoyishlari va hokimiyat almashinuvi yuz berdi. Mamlakatda bir necha kun davomida siyosiy noaniqlik va boshboshdoshlik hukm surdi. Hukumat a’zolari, vazirlar va shahar hokimlari birin-ketin o‘z lavozimlarini tark eta boshladi (Ulug‘bek Qo‘chqorovning vazirlikdan ketishi ham aynan shu davrga to‘g‘ri keladi). Muxolifat va namoyishchilarning talabi bilan 15 oktyabr kuni Prezident Sooronbay Jeenbekov qon to‘kilishining oldini olish maqsadida o‘z xohishi bilan iste’fo berdi. Hokimiyat tepasiga bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov keldi. Keyinchalik, 2021 yil yanvar oyida o‘tkazilgan muddatidan oldingi saylovlarda u rasman Qirg‘iziston Prezidenti etib saylandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Ulug'bek Qo'chqorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing