“Sodiq va’da 4”. Larijoniy o‘limiga javoban Isroilga yangi hujum boshlandi (video)
Olam
−
18 mart 17579 2 daqiqa
Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroil hududiga keng ko‘lamli zarbalar berilganini ma’lum qildi. Bu hujum Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashining sobiq kotibi Ali Larijoniy halok bo‘lganiga javob sifatida amalga oshirilgan. Bu haqda “Press TV” xabar berdi.
“Sodiq va’da 4” deb nomlangan operatsiya mojaro boshlanganidan beri 61-marotaba amalga oshirilgan javob zarbasi bo‘ldi.
Korpus ma’lumotiga ko‘ra, Tel-Aviv markazida 100 dan ortiq nishon zararlangan, ular orasida harbiy va kuch tuzilmalari ob’ektlari ham bor. Shuningdek, raketalar Isroilning havo hujumidan mudofaa tizimini hech qanday to‘siqsiz yorib o‘tgani ta’kidlangan.
Eron tomonining baholashicha, zarbalar oqibatida 230 dan ortiq harbiy xizmatchi halok bo‘lgan yoki yaralangan.
Tel-Avivdan tashqari hujumlar quyidagi hududlarga ham qaratilgan:
- Quddus;
- Hayfa porti;
- Bersheva shahri;
- Negev cho‘li.
Shu bilan birga, Eron kuchlari Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Quvayt va Saudiya Arabistonidagi AQSH harbiy bazalariga ham zarbalar berganini ma’lum qilgan. Isroil esa hozircha bu borada rasmiy pozitsiyasini bildirmadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 mart kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Ali Larijoniy tungi havo zarbasi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik bu xabarni Tehron ham tasdiqladi.
Larijoniy bilan birga uning o‘g‘li, o‘rinbosari va qo‘riqchilari ham halok bo‘lgan. Bundan tashqari, “Basij” xalq lashkari qo‘mondoni, general-mayor G‘ulomrizo Sulaymoniy ham zarba qurboni bo‘lgan.
Live
Barchasi