Sud sobiq prezident Saakashvili ishi bo‘yicha yana bir qaror chiqardi
Olam
−
29 Sentabr 5464 2 daqiqa
Tbilisi shahar sudi Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili va maxsus davlat qo‘riqlash xizmati sobiq rahbari Teymuraz Janashiyani davlat byudjetiga qariyb 9 million lari (3,3 million dollar) to‘lashi bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda “Georgia Online” xabar berdi.
2025 yilning martida Tbilisi sudi Saakashvilini katta miqdorda davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda aybdor deb topib, 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Janashiya mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topildi va 300 ming lari jarimaga tortildi.
Shundan so‘ng Gruziya Adliya vazirligi Saakashvili va Janashiyaga nisbatan o‘g‘irlangan mablag‘lar uchun 9 million lari miqdorida tovon undirishni so‘rab da’vo qo‘zg‘atdi.
“Interpressnews” xabariga ko‘ra, sud Saakashvili va Janashiyani birgalikda davlat byudjetiga 8,3 million lari to‘lashga majbur qilgan. Shuningdek, Saakashviliga qo‘shimcha 631 ming lari to‘lash majburiyati yuklangan.
Mixail Saakashvilining advokati Beka Basilaya sud qarorini izohlar ekan, sud tizimi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi asoschisi Bidzina Ivanishvilining buyrug‘iga bo‘ysunishini aytdi.
“Ular Saakashvili, masalan, Gruziyada Donald Trampni qabul qilish yoki Vatslav Gavel qabriga gul qo‘yish uchun sarflangan xarajatlarni qoplashi kerak, deyishadi. Bu nimani anglatadi? Biz Saakashvilining ishlarida tanlab olingan, siyosiy sabablarga ko‘ra va mutlaqo asossiz qarorlarni qayta-qayta ko‘rganmiz. Endi ular moliyaviy ta’qibni ham qo‘shdi. Apellyatsiya beramiz, bizni ham xuddi shu hakamlar kutmoqda”, dedi u.
O‘g‘irlash ishidan ko‘p o‘tmay, Tbilisi sudi ham Saakashvilini chegarani noqonuniy kesib o‘tishda aybdor deb topdi va uni to‘rt yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi. Ish politsiya tomonidan qidiruvda bo‘lgan Saakashvili 2021 yil 29 sentyabrda Ukrainadan Gruziyaga yashirincha qaytib kelganidan so‘ng ochilgan. Sobiq prezident 2021 yil 1 oktyabrda hibsga olingan.
Saakashviliga chiqarilgan barcha hukmlarni inobatga olgan holda, u 2034 yilning 1 apreligacha 12 yilu 6 oyni qamoqda o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muxolifat yetakchilarini mahalliy saylovlarda ishtirok etishi evaziga afv etish taklifi sobiq davlat rahbari Mixail Saakashviliga taalluqli emasligi xabar qilingandi.
Live
Barchasi