Suriya mashhur “hibsxona” faoliyatini to‘xtatmoqda
Olam
−
17 fevral 435 2 daqiqa
Suriya shimoli-sharqidagi mashhur Al-Hol lageri bo‘shatilmoqda. Hukumat so‘nggi haftalarda minglab aholini ko‘chirishni boshlagan. Bu yerda asosan “Islomiy davlat” (ISHID) gumondor jangchilarining ayollari va bolalari saqlanar edi. Bu haqda “Euronews” yozdi.
Lager o‘tgan oy kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik kuchlaridan (SDF) hukumat nazoratiga o‘tgan. Rasmiylarga ko‘ra, sharoitlar yashash uchun yaroqsiz bo‘lib qolgan va aholi Halab viloyatidagi boshqa lagerlarga joylashtiriladi. Evakuatsiya bir hafta ichida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Al-Hol 2019 yilda ISHID mag‘lub etilganidan keyin 73 minggacha odamni qabul qilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda taxminan 24 ming kishi qolgan — ularning katta qismi suriyalik va iroqliklar, shuningdek 40 ga yaqin davlat fuqarolari ham bor. 6 mingdan ortiq xorijliklar, jumladan, Rossiya, Kavkaz va Markaziy Osiyodan kelgan ayollar va bolalar yuqori xavfsizlik hududida saqlangan.
Yevropa Ittifoqining 11 davlati hozirgacha qariyb ming nafar fuqarosini lagerlardan qaytargan. Biroq ko‘p davlatlar repatriatsiya masalasida hanuz ehtiyotkor.
Shu orada AQSH minglab ISHID gumondorlarini – asosan suriyaliklar va ayrim xorijliklarni Iroqqa o‘tkazganini bildirgan. Ular Iroqda sud qilinadi. “Human Rights Watch” esa bu mahbuslar majburiy g‘oyib bo‘lish, adolatsiz sud va qiynoq xavfiga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Kuzatuvchilar fikricha, Al-Holning yopilishi Suriyadagi yangi siyosiy reallikni aks ettiradi. Biroq minglab ayol va bolalar taqdiri, ayniqsa fuqaroligi aniqlanmagan xorijliklar masalasi hali ham ochiq qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iroq hukumati Suriya qamoqxonalaridan taxminan 3000 nafar ISHID a’zosini ko‘chirgan edi.
Live
Barchasi