Zelenskiy Rossiya taklifiga “sukut rejimi” bilan javob qaytardi
Olam
−
05 may 3859 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning taklifiga javoban 6 maydan boshlab “sukut rejimi” joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya uchun urushni tugatish vaqti keldi, chunki Rossiya o‘z hududida o‘tkaziladigan parad uchun endi Ukrainaning qarorlariga qarab harakat qilmoqda.
“Biz inson hayotini har qanday “bayram” yoki yubileydan ancha ustun qadriyat deb bilamiz. Shu munosabat bilan 5 maydan 6 mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan boshlab sukunat rejimi joriy etiladi. Shu vaqtdan boshlab biz ham zerkal tarzda harakat qilamiz. Rossiya rahbarlariga o‘z urushini yakunlash uchun real qadamlar qo‘yish vaqti keldi, agar ularning Mudofaa vazirligi Moskvadagi paradni Ukraina qarorlarisiz o‘tkaza olmasligini tan olsa”, deya yozgan Zelenskiy.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin aprel oyi oxirida Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotda birinchi bor G‘alaba kuni munosabati bilan o‘t ochishni to‘xtatish ehtimolini aytgan edi. Ukraina hozircha bu taklifga rozilik bildirmagan. Kreml esa Kiyev roziligi majburiy emasligini, bu Putinning qarori ekanini va u amalga oshirilishini ta’kidlagan.
Zelenskiy 30 aprel kuni bu masalaga izoh berib, Ukraina bir necha soatlik emas, balki uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishdan manfaatdor ekanini aytgan.
4 may kuni u Moskvadagi paradning qisqartirilgan formatda – harbiy texnikasiz o‘tkazilishi Rossiya hokimiyatining ukrain dronlaridan qo‘rqayotganini ko‘rsatishini bildirgan.
“Ular harbiy texnikani namoyish eta olmaydi, chunki dronlarimiz Qizil maydon ustida parvoz qilishi mumkinligidan qo‘rqishyapti. Bu ular kuchli emasligini namoyon etadi”, degan Zelenkiy.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Ukraina bilan urushda 8 va 9 may kunlari – G‘alaba kuni munosabati bilan bir tomonlama tarzda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi