Suriyadagi saylovlar natijasi e’lon qilindi

Olam

image

Suriyada sobiq prezident Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan keyingi ilk parlament saylovlarining dastlabki natijalari e’lon qilindi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi parlament doimiy Konstitutsiya qabul qilinib, umumxalq saylovlari o‘tkazilgunga qadar faoliyat yuritadi.

Umuman olganda, Xalq majlisiga 210 deputat tanlanadi: ularning 140 nafari, ya’ni uchdan ikki qismi saylovchilar kollegiyasi tomonidan bilvosita saylanadi, qolgan 70 nafarini esa muvaqqat prezident Ahmad ash-Shara tayinlaydi.

Xavfsizlik va siyosiy sabablarga ko‘ra, hukumat uchta viloyatda – kurdlar nazoratidagi Raqqa va Xassaka hamda hukumat qo‘shinlari bilan druz jangarilari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan Suvayda viloyatlarida ovoz berishni keyinga qoldirgan.

5 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijasida 119 nafar deputat saylangan, Xalq majlisidagi 21 ta o‘rin hozircha bo‘sh qolmoqda. Yana 70 nafar deputatni prezident shu hafta tayinlashi rejalashtirilgan.

Yangi parlament tarkibiga olti nafar ayol kirgan. Mahalliy saylov komissiyasi ilgari ayollar 1500 dan ortiq nomzodlarning 14 foizini tashkil etganini bildirgan edi.

10 ta o‘rin diniy va etnik ozchilik vakillariga, jumladan, kurdlar, nasroniylar va ikki nafar alaviylarga nasib etgan.

Markaziy saylov komissiyasi vakili Navar Nedjme matbuot anjumanida 119 nafar saylangan deputatning atigi 4 foizi ayollar ekanini aytib, bu ko‘rsatkich Suriya jamiyatida ayollarning tutgan o‘rni va siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy hayotdagi roli bilan mutanosib emasligini ta’kidlagan.

Shuningdek, u g‘oliblar orasida atigi ikki nafar nasroniy borligini aytib, bu natijani Suriyadagi nasroniylar ulushi nuqtayi nazaridan “zaif vakillik” deb baholagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi tarixiy nutqida o‘z mamlakatining o‘tgan avlod zulmidan voz kechayotganini e’lon qilib, Suriyaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni to‘liq bekor qilishni talab qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya saylov Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing