Surxondaryoda 210 ta qozonga qariyb 191 kg “gashish”ni yashirgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
09 aprel 7681 1 daqiqa
Surxondaryoda 210 dona afg‘on qozonining ichiga qariyb 191 kg “gashish”ni yashirgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, giyohvandlik vositalari kontrabandasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida yirik miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolingan.
Xususan, Afg‘oniston Respublikasidan “Termiz avtoyo‘l” xalqaro o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan, oldindan kuzatuvga olingan Denov shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Hyundai rusumli yuk avtomashinasi chuqurlashtirilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Natijada uning yukxonasida bo‘lgan jami 750 dona afg‘on qozonining 210 donasi ichiga xufiyona tarzda yashirilgan, umumiy taxminiy og‘irligi 190 kg 800 grammni tashkil etuvchi “gashish” moddasi borligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu afg‘on qozonlari ishlab chiqaruvchi tomonidan Markaziy Osiyo respublikalaridan biridagi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt nomiga yuborilayotgan bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan 5 kishi 12 yildan 15 yilgacha qamalgandi.