Surxondaryoda ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
08:11 4697 1 daqiqa
Surxondaryo viloyatidagi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘lim boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i mahalliy MCHJ hududida 14 tup gujum, 6 tup archa, 1 tup tut va 1 tup chinor daraxtlari tegishli ruxsatnoma olmasdan, o‘zboshimchalik bilan kesilgani holati bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani, tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirib ko‘rsatish maqsadida o‘zgartirib berish evaziga 500 AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini tamagirlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Pop tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi mansabdor shaxslari bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlangandi.
Live
Barchasi