Surxondaryoda Prezident bilan uchrashgan o‘quvchi universitetda grant asosida o‘qiydi
Jamiyat
−
28 fevral 4604 1 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi 66-sonli maktabga bordi va u yerda inklyuziv ta’limga jalb etilgan bolalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, yoshlar bilan gaplashdi. Uchrashuvda o‘quvchi Feruza Jumagulova Prezidentga robototexnikaga qiziqishi va TerDUda o‘qish orzusi haqida gapirdi. Shundan so‘ng u mazkur OTMda grant asosida o‘qiydigan bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv jarayonida davlat rahbari iqtidorli o‘quvchi Feruza Jumagulova bilan suhbatlashib, uning orzu-intilishlari bilan qiziqqan. Feruza o‘zining Termiz davlat universiteti talabasi bo‘lish niyatini bildirar ekan, Prezident tashabbusi bilan 2027–2028 o‘quv yilidan boshlab grant asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.
Mazkur xabar Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Sirojev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova, TerDU rektori Abduqodir Toshqulov hamda viloyat mutasaddilari ishtirokida maktab jamoasi va Feruzaning oila a’zolariga yetkazilgan. Tadbir davomida Feruzaga sertifikat topshirilib, ezgu tilaklar bildirilgan.
2024 yilda farg‘onalik Madina Soliyeva ham O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga qabul qilingandi.
Live
Barchasi