Suv zaxiramiz o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 mlrd kub metrga kam – vazir (video)

Jamiyat

image

O‘zbekistonning suv zaxirasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 mlrd kub metrga kam. Bu haqda joriy yilning 11 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, joriy yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun 40 mlrd kub metrdan ortiqroq suv yetkazib berilgan. Yil boshida suvomborlarda suv zaxirasi yaratilganligi, kanallarni betonlashtirish va suv tejovchi texnologiyalar qamrovini kengaytirish hisobiga sug‘orish mavsumida muayyan natijalarga erishilgan.

Biroq bugungi kun holatida transchegaraviy suvomborlar bilan qo‘shib hisoblaganda suv zaxirasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 mlrd kub metrga kam. Ichki suvomborlarda esa 2,7 mlrd kub metr kam suv yig‘ilgan. Ushbu murakkab vaziyatni inobatga olgan holda, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi yillarda suv xo‘jaligi tizimini tubdan isloh qilish uchun mavjud suv zaxiralaridan tejamkorlik bilan foydalanishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, sohani modernizatsiya qilish uchun oxirgi 5 yilda 60 trln so‘m byudjet mablag‘lari hamda 622 mln dollar xorijiy investitsiyalar yo‘naltirigan. Shu bilan birga, Prezident tashabbusi bilan suv sohasidagi dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro darajada ham muhim taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo suv tanqisligi chegarasiga keskin yaqinlashayotgani, mintaqaning yirik shaharlarini bu chegara ortida bugun Eron poytaxti Tehronda kuzatilayotganga o‘xshash inqiroz kutishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Hamroev suvombor Suv zaxirasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing