“Hisorak” suv ombori bilan bog‘liq yolg‘on xabar tarqatganlar jazolandi

3-sahifa

image

Xabaringiz bor, 2024 yilning 10 iyun kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Hisorak GES” UK boshqarmasiga qarashli “Hisorak” suv omborida qo‘shimcha tunnel ochish maqsadida olib borilayotgan muhandislik-texnik tadbirlari vaqtida suv sizib chiqishi holati kuzatilgandi. Mazkur holat bilan bog‘liq yolg‘on xabar tarqatganlar jazolandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Voqea sodir bo‘lgan paytda “Hisorak” suv ombori haqida internet ijtimoiy tarmog‘ida ba’zi fuqarolar yolg‘on axborot tarqatib, odamlarning tinchini buzib, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan. Shundan so‘ng, mazkur holat bo‘yicha  Shahrisabz tumanida yashovchi  D.U., N. A. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  2446-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. 

2024 yilning 26 dekabr kuni mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudida ko‘rib chiqildi va vahima ko‘targan ikki kishiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, birinchi sudlanuvchi Telegram orqali “Sinfdoshlar” guruhiga suvomborga shikast yetgani, buning oqibatida Shahrisabz tumanini suv bosishi mumkinligi sababli, oilasi bilan Dehqonobod tumaniga ketib, bir kecha tunaganini yozgan.

Ikkinchi sudlanuvchi esa to‘g‘onga yaqin odamlarni tinchlantirib turishgani, suvombor umuman yamalmagani, suvi yaxlatilgani, uni 5 soat ushlab turish mumkinligi, Toshkentdan ham ham ikkita samolyot bilan mas’ullar kelgani, Prezidentning o‘zi ham yetib kelayotgani, suv ombori ochilib ketsa, Qarshigacha yetib borishi, Qarshi, Koson, Chiroqchi pastki tumanlari ehtiyot choralarini ko‘rishlari, suv ombori ochilib ketish ehtimoli bor ekani haqida gapirib, Telegram-guruhlarga yolg‘on axborot tarqatgan. Bu bilan u fuqarolar va jamiyat manfaatlariga jami 380 mln so‘m zarar yetkazgan.

Sudlanuvchilar aybiga iqror bo‘ldi va suddan yengillik so‘radi. Sudda ular Jinoyat kodeksi 2446-moddasi (Yolg‘on axborot tarqatish) 4-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir etganlikda aybli deb topilib, kech soat 22:00 dan ertalab soat 6:00 ga qadar uyidan chiqishi cheklangan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.   

Shuningdek, ularning zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklatildi:

  • Ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik; Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanmaslik; 

  • Nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash yoki ish joyini o‘zgartirmaslik; 

  • Qashqadaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik; 

  • Yashash yoki ish joyi o‘zgaradigan bo‘lsa, nazorat qiluvchi organga xabar berish.


Maqola muallifi

Teglar

Hisorak yolg'on xabar suvombor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing