Tadbirkor ayolga shilqimlik qilgan Soliq inspeksiyasi mansabdori ishdan olindi

3-sahifa

image

Sirdaryo viloyati, Yangiyer shahar Soliq inspeksiyasi rahbari tadbirkor ayolga shilqimlik qilgani ortidan ishdan olindi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Soliq inspeksiyasi rahbari A.B. eri musofirda bo‘lgan tadbirkor ayolga nisbatan maishiy xarakterdagi, shilqimona SMS-xabarlar yozib, bir necha oy davomida uni bezovta qilib kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, u tadbirkor ayolning do‘koniga bir necha marta o‘z inspektorlarini yuborgan. So‘ng uning holidan “tashvishlanayotganini”, xohlasa, kechqurun bir piyola choy bahonasida gaplashib olishi mumkinligini yozgani aytiladi. Uning gapidan qo‘rqib qolgan ayol hatto bir necha kunlab do‘koniga bormay, uyda o‘tirgan.

Holat yuzasidan Yangiyer shahar prokuraturasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ish qo‘zg‘atgan. Soliq qo‘mitasi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan va A.B. ishdan bo‘shatilgan.

Abdurahmon Tashanov yuqoridagi holat yuzasidan prokuratura tomonidan mayda bezorilikni nazarda tutuvchi modda bilan ish ochilganiga quyidagicha munosabat bildirgan:

“Davlat Soliq qo‘mitasining Ichki xavfsizlik boshqarmasi ish materiallarini qonuniy chora ko‘rish uchun prokuraturaga o‘tkazdi, prokuror maydagina bezorilik bilan ish ochdi. Ammo bu mayda bezorilik va milliy zehniyat, o‘zbekchilik tufayli bir oila buzilishi, yetimlar statistikasi yuksalishi mumkin edi. Bu o‘rinda SMS-xabarlarni oshkor qilish, oilani yana-da murakkab ahvolga solishni istamayman, ammo nega prokuratura ko‘rinib turgan mansabni suiiste’mol qilishni yashirmoqda, shu savol tevaragida gaplashamiz.

Tadbirkor ham yerdan chiqqan qo‘ziqorin emas, soliqboshining zirhli amali bo‘lmasa, bunday shilqimlarga qanday javob berishni o‘zi biladi. Biroq bu yerda sub’ektiv jihatdan davlat hokimiyatining kuchi bor, ehtimol shuning uchun ham prokuraturaning tili qisiqdir. Ammo prokurorlar bir bechora birovga ola qarasa, prokurorning sherga aylanishini bilasiz. Shu boisdan ham hozirda xotin-qizlar huquqi uchun faol kurashayotgan opa-singillarimiz, g‘ururi baland akalarimiz bunday boyonlarning ta’zirini (virtual, albatta) berib qo‘yishsa, boshqalariga saboq bo‘larmidi, deyman-da”, deya yozgan huquq faoli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimining ayollarga menejerlik sertifikatini olish va maktab direktori sifatida ishga joylashishda yordam berish evaziga u bilan jinsiy aloqa qilishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

prokuratura Sirdaryo mayda bezorilik shilqimlik tadbirkor ayol Soliq inspektsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing