Tan olinmagan SHKTRga yangi prezident saylandi

Olam

image

Tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasida (SHKTR) prezidentlik saylovlarining birinchi turida Respublikachilar partiyasi yetakchisi Tufan Erhurman g‘alaba qozondi. Bu haqda respublika Markaziy saylov komissiyasi raisi Bertan Ozerdag‘ xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Erhurman saylovchilarning 62,76 foiz ovozini to‘plagan. Mustaqil nomzod va amaldagi davlat rahbari Ersin Tatar 35,81 foiz ovoz olgan. 

Saylovlarda ishtirok etish darajasi 64,87 foizni tashkil etgan.

SHKTRda ovoz berish kecha, 19 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:00 da boshlangan va 18:00 da yakunlangan. Mazkur prezidentlik saylovi respublika tarixidagi to‘qqizinchi saylov bo‘ldi.

O‘z navbatida, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an saylovda g‘alabani ilib ketgani bilan Tufan Erhurmanni tabriklagan.

“Bugun bo‘lib o‘tgan saylovlar rasmiy bo‘lmagan natijalariga ko‘ra, prezident etib saylangan Tufan Erhurmanni tabriklayman. Ushbu saylovlar mamlakatning demokratik barkamolligini va Kiprdagi turk qardoshlarimizning irodasini yana bir bor namoyon etdi. Turkiya bundan keyin ham SHKTRning suveren huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda davom etadi”, deya o‘zining X sahifasida post qoldirgan Erdo‘g‘an. 

Erhurman saylanganidan so‘ng, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashqi siyosati Anqara bilan maslahatlar asosida shakllantirilishini ta’kidlagan.

SHKTRda ro‘yxatdan o‘tgan saylovchilarning umumiy soni 218 313 kishini tashkil etadi. 777 ta saylov uchastkasi ochilgan.

Saylovda g‘alaba qozonish uchun nomzod saylovchilarning mutlaq ko‘pchilik ovozini – ya’ni 50 foizdan ortig‘ini qo‘lga kiritishi lozim. Agar birinchi turda hech bir nomzod zarur ovoz miqdorini to‘play olmasa, natijalarga ko‘ra eng yuqori ovoz olgan ikki nomzod ikkinchi turga chiqadi, u esa bir haftadan keyin o‘tkaziladi.

Ikkinchi turda eng ko‘p ovoz olgan nomzod prezidentlik kursisini egallash huquqiga ega bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Tufan Erhurman Nikosiyad 1970 yilda tug‘ilgan. U 1992 yilda Anqara universitetining yuridik fakultetini tamomlagan va shu oliygohning ma’muriy huquq kafedrasida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan. U 2018 yilda shakllantirilgan SHKTR hukumatida Bosh vazir lavozimini egallagan.

1974 yilda Gretsiyada yuz bergan harbiy to‘ntarish ortidan Turkiyaning orolga harbiy aralashuvi oqibatida Kipr mojarosi boshlandi. Shundan beri Kipr oroli shimoliy (turklar yashaydigan) va janubiy (yunonlar yashaydigan) qismlarga bo‘lingan. 1983 yilda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) mustaqilligini e’lon qildi, biroq u faqat Turkiya tomonidan tan olingan. 

Turkiya Kipr masalasida “ikki davlatli yechim”ni doimo qo‘llab-quvvatlaydi, ya’ni Shimoliy va Janubiy Kipr alohida, teng huquqli davlatlar sifatida tan olinishi kerak, deb hisoblaydi. BMT va Yevropa Ittifoqi esa, aksincha, Kiprda yagona federal tuzum asosida birlashgan davlat barpo etish tarafdori.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an ShKTR Tufan Erhurman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing