Tarixda ilk bor Qobul ko‘chalarida chiqindi konteynerlari o‘rnatilmoqda

Olam

image

Afg‘oniston poytaxti Qobul ko‘chalari va trotuarlarida tarixda ilk bor minglab chiqindi konteynerlari o‘rnatilmoqda. Bu haqda bugun, 2 avgust kuni “Alemarah” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Qobul shahar hokimiyati shaharda tozalikka rioya qilish va tashqi ko‘rinishni yaxshilash maqsadida maishiy chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus konteynerlar o‘rnatishni boshlagan. Ishlar 4-ma’muriy tuman hududidan boshlangan. Umumiy qiymati 34,6 million afg‘oniy (taxminan 504 ming AQSH dollari) bo‘lgan loyiha poytaxt bo‘ylab qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashni maqsad qilgan.

Afg‘onistonda avvalgi siyosiy tuzumlar davrida ham millionlab qobulliklar chiqindilarni mahalliy, tartibsiz hosil bo‘lgan axlatxonalarga yoki Qobul daryosiga tashlab kelgan. Bu esa shaharda kanalizatsiya va normal ichimlik suvi tizimi mavjud bo‘lmagan sharoitda turli yuqumli kasalliklar epidemiyasiga va daryodagi suvning ifloslanishiga sabab bo‘lgan.

Shahar hokimiyatining madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ne’matulloh Barakzoyning aytishicha, loyiha doirasida 50 litrlik 5038 dona konteyner (qog‘oz, plastmassa, ichimlik idishi va boshqa qattiq chiqindilar uchun) va 7 kub metr hajmdagi 50 ta katta konteyner o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha yettita tuman bo‘yicha ikki mingta konteyner o‘rnatiladigan joylar aniqlangan.

“Umuman, butun dastur olti oy ichida yakunlanishi kutilmoqda”, deydi u.

Qobul shahar hokimiyatining sanitariya bo‘limi rahbari Saadullo Usmoniy esa chiqindi konteynerlarini ilk marta ko‘rayotgan qobulliklarni ulardan to‘g‘ri foydalanishga, ko‘chalarda, yo‘laklarda va jamoat joylarida axlat tashlamaslikka chaqirgan. Shuningdek, u chiqindilarni yig‘ish va tashishda hokimiyat bilan hamkorlik qilishni so‘ragan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Qobul chiqindi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing