“Tarixdagi eng katta firibgarlik”. Durov WhatsApp’ni tanqid qildi
Olam
−
11 aprel 5362 2 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zining asosiy raqobatchisiga nisbatan keskin bayonot bilan chiqdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Durov o‘zining rasmiy Telegram kanalida WhatsApp’dagi shifrlashni “tarixdagi eng yirik firibgarlik bo‘lishi mumkin” deb atagan.
“WhatsApp’ning shifrlashi milliardlab foydalanuvchilarni aldagan eng katta firibgarlik bo‘lishi mumkin. Kompaniya bayonotlariga qaramay, u foydalanuvchilar xabarlarini o‘qiydi va ularni uchinchi tomonlarga uzatadi. Telegram bunday qilmagan va hech qachon qilmaydi”, degan Durov.
Dalil sifatida u sud materiallarini ilova qilgan. Unda Meta kompaniyasi WhatsApp va ularning pudratchisi Accenture kompaniyasi xodimlarida “foydalanuvchi xabarlariga keng erishish imkoni” borligi aytilgan.
Shuningdek, postda “backdoor”, ya’ni himoyani chetlab o‘tib, yozishmalarga kirish imkonini berishi mumkin bo‘lgan yashirin mexanizm haqida ham so‘z yuritilgan. Rasmiy izohga ko‘ra, bunday kirish imkoni faqat foydalanuvchilar shikoyat qilgan xabarlarni tekshirish uchun kerak (masalan, “spam” yoki “firibgarlik” belgisi qo‘yilganda). Biroq da’vogarlar kompaniya istalgan yozishmani o‘qish imkoniyatiga ega, deb hisoblaydi.
Mark Sukerberg rahbarlik qiladigan korporatsiyaga qarshi jamoaviy da’vo Avstraliya, Braziliya, Hindiston, Meksika va JAR fuqarolari tomonidan berilgan. Ish Kaliforniya shtati Shimoliy okrug sudi sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Da’vogarlar guruhi Meta va WhatsApp foydalanuvchilar maxfiy deb hisoblaydigan ma’lumotlarni “saqlaydi, tahlil qiladi va ularga kirishi mumkin” deb iddao qilmoqda.
Asosiy e’tiroz “end-to-end encryption”, ya’ni xabarlarni faqat yuboruvchi va qabul qiluvchi o‘qiy oladigan texnologiya haqida. Da’vogarlarga ko‘ra, 2016 yildan buyon foydalanuvchilarga aynan shunday deb aytilgan, ammo amalda bu to‘liq to‘g‘ri emas.
Shu bilan birga, mutaxassislar hozircha shifrlash buzilgani tasdiqlovchi ochiq texnik dalillar taqdim etilmaganini ta’kidlamoqda.
Meta’ning javobi
Meta ayblovlarni rad etmoqda. Kompaniya vakili Endi Stoun bu da’volarni “mutlaqo yolg‘on va absurd” deb atagan. Uning aytishicha, WhatsApp o‘n yildan beri Signal Protocol (yuqori darajada himoya qilish uchun ishlatiladigan maxsus kriptografik texnologiya) orqali himoyalangan yozishmadan foydalanib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Signal protokoli shaxsiy xabarlarni himoya qilishda “oltin standart” deb tan olingan kriptografik tizim hisoblanadi. Meta bu funksiya doimiy ravishda yoqilgan holda ishlashini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta platformasi bolalarning ruhiy salomatligiga ataylab zarar yetkazganligi va bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish haqidagi ma’lumotlarni yashirganligi aniqlangandan keyin 375 million dollar jarimaga tortilgandi.
Live
Barchasi