Tbilisida saylovlar fonida ommaviy namoyishlar boshlandi (video)
Olam
−
04 Oktabr 3419 2 daqiqa
Bugun, 4 oktyabr kuni Gruziyada o‘tkazilayotgan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar davomida poytaxt Tbilisida norozilik aksiyalari boshlandi. Bu haqda “Interpress” va “Ambebi” xabar berdi.
Rustaveli prospektidagi namoyish mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlangan. Namoyishchilar yo‘lni to‘sib, parlament binosi oldida to‘plangan. “Ambebi” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, yana bir guruh odamlar Ozodlik maydonida – Avliyo Georgiy haykali oldida to‘plangan.
Aksiya ishtirokchilari Melikishvili prospektini to‘liq to‘sib qo‘yib, “Adolatsizlik qonunga aylansa, qarshilik ko‘rsatish – burchdir!” degan yozuvli bannerlar hamda Gruziya davlat bayroqlarini ko‘targan. Ular “Gruziya! Gruziya!” deb shiorlar bilan yurmoqda.
“Interpress”ning yozishicha, talabalar mitingning maqsadini “vatan uchun kurash” deb atagan. Ular amaldagi hokimiyat, jumladan, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi asoschisi Bidzina Ivanishvili va Bosh vazir Irakliy Kobaxidzeni Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lishda ayblamoqda.
“Biz kelajagimiz erkin va mustaqil bo‘lishini istaymiz. Bizning yagona maqsadimiz – vatan uchun kurash”, deydi miting ishtirokchilaridan biri “Interpress”ga.
U hokimiyatdagi o‘zgarishlar tinch yo‘l bilan bo‘lishini yoqlab chiqqan.
Nashrga ko‘ra, Gruziya poytaxtining markaziy prospektida norozilik namoyishlari qariyb bir yildan beri davom etmoqda. Namoyishchilar yangi parlament saylovlarini o‘tkazishni va aksiyalar vaqtida qo‘lga olinganlarning ozod qilinishini talab qilmoqda.
Ma’lumot uchun, bugun, 4 oktyabr kuni Gruziyada mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar o‘tkazilmoqda. Mahalliy vaqt bilan soat 15:00 holatiga saylovchilarning qariyb uchdan biri ovoz berish joylariga tashrif buyurgan. Ovoz berish soat 8:00 da boshlangan va 20:00 da yakunlanadi.
Saylovlarda 12 ta siyosiy partiya ishtirok etmoqda. Tbilisida, shuningdek, mer saylovi ham o‘tkazilmoqda, unda to‘qqiz nafar nomzod ro‘yxatga olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Irakliy Kobaxidze mamlakat Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan kuch ishlatmaslik (hujum qilmaslik) bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyor emasligini bildirgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr