Telekanallar kontenti ustidan nazorat kuchaytiriladi. Qirg‘izistonda!

Olam

image

Qirg‘iziston hukumati telekanallardan qonunchilik talablariga muvofiq efirdagi milliy til – qirg‘iz tilidagi eshittirishlar ulushini 60 foizga yetkazishni talab qildi. Bu haqda bugun, 16 yanvar kuni Qirg‘iziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Marat Tagayev telekompaniyalar vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Marat Tagayev mamlakatdagi barcha telekompaniyalar rahbarlari va vakillari, shuningdek “Qirg‘izfilm” va “Qirg‘izserial” muassasalari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazgan. Uchrashuvda telekanallarni qirg‘iz tilidagi mahalliy kontent bilan ta’minlash masalasi muhokama qilingan.

Tagayevning so‘zlariga ko‘ra, ayrim xususiy telekanallar talablarni faqat rasmiy ravishda bajarish uchun o‘n yil avval tayyorlangan qirg‘iz tilidagi dasturlarni qayta-qayta namoyish etmoqda va mahalliy kontent ishlab chiqarmayapti. U “Televideniye va radioeshittirish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, efirning eng muhim vaqtlarida (praym-taym) davlat tilidagi va mahalliy ishlab chiqarilgan dasturlar ulushi kamida 60 foizni tashkil etishi lozimligini eslatgan. Davlat tilini televideniye efirida qo‘llashga oid qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar o‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan. Bungacha telekanallar efir tarmog‘ining 50 foizini qirg‘iz tilidagi kontent bilan to‘ldirishi shart bo‘lgan.

“Biz xususiy telekanallarning rivojlanishiga va ularning o‘z strategiyalariga to‘sqinlik qilmaymiz. Biroq qonun talablari, ayniqsa qirg‘iz tiliga oid normalar qat’iy bajarilishi shart. Ayrim telekanallar talablarga rasmiy ravishda rioya qilayotgandek ko‘rinadi – o‘n yil avval suratga olingan bitta qirg‘iz tilidagi dasturni har kuni takrorlaydi. Bu tomoshabinlar huquqlarini buzadi va auditoriyaga nisbatan hurmatsizlikdir. Bundan tashqari, bunday kanallar o‘z kontentini ishlab chiqarmasdan, haqiqiy ishlab chiqaruvchilarning reklama daromadlarini tortib olmoqda”, deydi vazir o‘rinbosari.

Vazirlik qaroriga ko‘ra, telekanallarga “Qirg‘izfilm” fondidan 400 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, 40 dan ziyod animatsion multfilmlar hamda “Qirg‘izserial” tomonidan suratga olingan 10 dan ortiq teleserial bepul taqdim etiladi.

“Bu tashabbus qirg‘iz kinosining 85 yilligiga bag‘ishlangan. Tomoshabinlar “qirg‘iz mo‘’jizasi” davridan boshlab zamonaviy kartinalargacha bo‘lgan filmlarni tomosha qilish, mamlakatning boy madaniy merosi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishi kerak”, deydi vazir o‘rinbosari.

Telekanallar bir yarim oy ichida ushbu muassasalar bilan shartnomalar tuzishi va efir kontentini yangilashi lozim. Mart oyidan boshlab kontent sifati va qonun talablariga rioya etilishi bo‘yicha rejalashtirilgan tekshiruvlar boshlanadi. Agar shartnomalar tuzilmasa va vazirlik takliflari inobatga olinmasa, tegishli choralar ko‘riladi.

Hozirda Qirg‘izistonda 42 ta telekanal faoliyat yuritadi, shulardan ikkitasi – NTRK va ELTR davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston kontent Telekanal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing