Tibbiyot universiteti talabalariga stipendiya berilmayapti
Jamiyat
−
12 noyabr 6667 2 daqiqa
Toshkent davlat tibbiyot universitetining (sobiq Toshkent davlat stomatologiya institutining) 2-kurs klinik ordinatura (rezidentura) bosqichida tahsil olayotgan 19 nafar talaba 3 oydan beri stipendiya ololmayapti. QALAMPIR.UZ’ga ushbu talabalardan murojaat kelib tushdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, talabalar 2024 yilning 14 sentyabrida o‘qishga qabul qilingan. Shunga qaramay, rektor tomonidan stipendiyani 2 oktyabrdan boshlab belgilash buyrug‘i chiqarilgan, ammo talabalar shunda ham o‘tgan yilning noyabr oyida stipendiya olgan.
“Boshqa markazlarda tahsil olayotganlar sentyabr oyidan boshlab stipendiya olgan. Bizga esa o‘tgan yili noyabr oyida to‘langan, shunda ham oktyabr oyining yarmidan hisoblab berilgan edi. Bu yil ham asossiz ravishda kechiktirilmoqda. Hozirgacha sentyabr, oktyabr, noyabr oylari uchun stipendiyamizni olganimiz yo‘q. Qolaversa, o‘tgan yilning 1,5 oylik stipendiya ham berilmadi. Buyruq bo‘yicha o‘tgan yildan yarim oylik stipendiya to‘lanmagan, lekin aslida sentyabr oyi uchun ham to‘lanishi kerak edi. Shunday qilib, institut har birimizdan qariyb 14 million so‘m atrofida qarz. Bu summa 19 kishiga 266 million so‘mga to‘g‘ri keladi”, degan 2-kurs ordinatorlardan biri.
Talabaning aytishicha, ular bu masalada dekanat va buxgalteriya bo‘limi bilan bir necha bor bog‘langan, biroq muammo hal etilmagan.
“Buxgalteriyadan “tushadi, tushadi”, degan vajlar eshitamiz. Oxirgi berilgan muddat 10 noyabr edi, lekin mana vaqt o‘tdi — hali ham stipendiya yo‘q. Aytishlaricha, tushgan taqdirda ham faqat 2025 yil uchun 3 oylik stipendiya to‘lanar emish, o‘tgan yilgi qarz esa yopilmaydi”, deya norozilik bildirgan talaba.
Ularning aytishicha, ayni paytda 1-kurs ordinatorlarga allaqachon stipendiyalari to‘langan.
QALAMPIR.UZ vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent davlat tibbiyot universiteti bilan bog‘landi. Universitet vakili talabalar bu borada rektoratga murojaat qilmaganini, murojaat qilishsa, ushbu masala hal qilinishini aytdi. Biroq talabalar ushbu muammoga yechim topish uchun Prezidentning virtual qabulxonasiga ham murojaat qilgani, dekanatdan ham, buxgalteriyadan ham ijobiy javob bo‘lmayotganini aytmoqda.
Ma’lumot uchun, klinik ordinatura (rezidentura) – bu tibbiyot oliy ta’limidan keyingi amaliy bosqich bo‘lib, unda shifokorlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi. Ordinatorlar talaba maqomiga ega bo‘lib, ularga ham stipendiya to‘lanishi belgilangan.
Live
Barchasi