“Tolibon” ayrim ayollarni hibsga ola boshladi
Olam
−
22 iyul 8900 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati kiyim-kechak kiyish qoidalarini buzgan ayol va qizlarni hibsga olishni boshladi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
BMTning Afg‘onistondagi missiyasi joriy yilning 16-19 iyul kunlari Qobulda hijob yoki islomiy ro‘mol o‘rash bo‘yicha ko‘rsatmalarga amal qilmagan “ko‘p sonli” ayol va qizlarning hibsga olinishidan xavotirda ekanini bildirgan. Ammo hibsga olinganlarning soni, yoshi va qayerda saqlanayotgani haqida ma’lumot berilmagan.
“Ushbu tadbirlar ayollar va qizlarni yanada izolyatsiya qilish, qo‘rquv muhitini yaratish va jamoatchilik ishonchini yo‘qotishga xizmat qiladi”, deyiladi tashkilot munosabatida.
BMT missiyasi “Tolibon” hukumatini ayollar va qizlarning inson huquqlari va asosiy erkinliklarini cheklovchi “siyosat va amaliyotlarni”, jumladan, ularning 6-sinfdan keyin ta’lim olishini taqiqlashni bekor qilishga chaqirdi.
2022 yilning may oyida “Tolibon” ayollarni faqat ko‘zlarini ko‘rsatishga chaqiruvchi farmon chiqardi. Farmonga ko‘ra, ular boshdan-oyoq burqa kiyib yurishi kerak.
2024 yilning yanvarida muvaqqat hukumatning axloq va odob vazirligi Afg‘oniston poytaxtida ayollarni “hijobni noto‘g‘ri kiygani” uchun hibsga olganini ma’lum qilgan edi.
Vazirlik matbuot kotibi Abdul G‘ofar Faruk qancha ayol hibsga olingani haqida ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ayollarga nafaqat erkaklar, balki ayollar bilan ham ochiqchasiga gaplashishni taqiqlagandi. Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish bo‘yicha vaziri vazifasini bajaruvchi Xolid Hanafiyning bayonotiga ko‘ra, ayollar o‘z ovozini boshqa ayollar eshitishga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shu boisdan Afg‘onistondagi ayollar Qur’onni ayollar bor joyda ovoz chiqarib o‘qishdan ham tiyilishi lozim. Ular jamoat namozlarini ado etish uchun masjidlarga borishi ham mumkin emas.
Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri bu mamlakatda ayollarga ta’lim olish, erkak hamrohligisiz sayohat qilish va jamoat joylarida, ayniqsa erkaklar bilan gaplashish hatto savdolashish ham taqiqlangan. Shuningdek, ularga parklarga tashrif buyurish, suzish yoki sport bilan shug‘ullanish man etiladi. Go‘zallik salonlari ham taqiqlangan. Ayollar paranjilarsiz ko‘chada yura olmaydi. Ammo shu bilan birga, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun bekor qilingan. Bungacha ayollar ko‘pincha ommaviy ravishda kaltaklanardi va g‘ayriislomiy xatti-harakatlar uchun qamoqqa tashlanardi.
Live
Barchasi