“Tolibon” xavfsizlik uchun Afg‘oniston byudjetining yarmini ishlatdi
Olam
−
24 noyabr 3327 2 daqiqa
“Tolibon” 2025 yilda Afg‘oniston umumiy byudjetining 49 foizini xavfsizlik uchun sarfladi. Bu haqda Jahon bankining yangi hisobotida so‘z boradi.
Hisobotga ko‘ra, 2021 yilning dastlabki yetti oyida Afg‘onistonda jami xarajatlar 18,5 foizga oshib, 155,7 milliard afg‘oniyni tashkil etgan, shundan 75,6 milliardga yaqini xavfsizlik masalalariga sarflangan. Bu esa shu davrdagi jami davlat xarajatlarining 49 foiziga teng.
Jahon banki o‘z hisobotining yana bir qismida Afg‘oniston iqtisodiyotini zaif deb atagan. Hisobotda yozilishicha, zilzilalar, qurg‘oqchilik, qochqinlarning qaytishi va telekommunikatsiya xizmatlaridagi uzilishlar mamlakatning zaiflik darajasini oshirgan.
“Tolibon” ma’muriyatining 2025 yildagi ichki daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga oshgan.
Pokiston bilan chegara yopilganiga qaramay, Afg‘oniston eksporti joriy yilning oktyabr oyida o‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan 13 foizga, o‘tgan yilning butun bir davriga nisbatan esa 3,7 foizga oshgan. Afg‘onistonning bu davrda eksporti 267 million dollarga yetgan. O‘sishga Afg‘onistonning Hindiston va O‘zbekistonga eksporti sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Hisobotning bir qismida shunday deyilgan: “Chegaradagi mojarolar tufayli Pokiston bilan savdo aloqalari to‘xtatilganiga qaramay, Hindiston va O‘zbekistonga eksport muvaffaqiyatli amalga oshirildi”.
Hosilning eng yuqori mavsumi va nisbatan past ichki inflyatsiya raqobatbardoshlikni yanada kuchaytirgan va Pokiston yo‘nalishidagi yo‘qotishlarni qoplashga yordam bergan.
Oktyabr oyida oziq-ovqat eksporti 238,4 million dollarga yetgani aytildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8,6 foizga o‘sdi, bu kuchli mintaqaviy talabni aks ettiradi.
Pokiston va “Tolibon” o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlardan so‘ng Islomobod o‘tish joylarini yopib qo‘ydi, ikki davlat o‘rtasidagi savdo va tranzit bir oydan ko‘proq vaqtga to‘xtatildi.
Pokiston Afg‘oniston bilan savdo yo‘llarini qayta ochish uchun dastlabki shartlarni qo‘ygan, “Tolibon” esa Pokiston bilan o‘tish yo‘llarining yopilishi Afg‘onistondagi savdoga salbiy ta’sir ko‘rsatmaganini ta’kidlagan.
“Tolibon” moliya vazirligi Afg‘onistonning mintaqa va dunyodagi qo‘shni davlatlar bilan savdosi normal va hech qanday muammosiz davom etayotganini e’lon qildi. Harakatning iqtisod bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar afg‘on tadbirkorlarini savdo va tranzit uchun muqobil yo‘llarni izlashga chaqirgan.
Pokiston rasmiylari chegaralarning yopilishiga sabab sifatida xavfsizlik xavotirlarini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 22 noyabr kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati moliya vazirligi Jahon banki Afg‘onistondagi ofisini qayta ochgani va faoliyatini tiklaganini e’lon qildi. Jahon banki bu borada hali rasmiy izoh bermagan, biroq “Tolibon”ga ko‘ra, ushbu tashkilot 45 million dollar miqdoridagi pudrat kompaniyalarining qarzlarini to‘lashga tayyor.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr