Tom Kruz ilk bor “Oskar” oldi (video)
Olam
−
17 noyabr 7298 2 daqiqa
Kecha, 16 noyabr kuni Los-Anjelesda aktyor Tom Kruz o‘z faoliyati davomida ilk bor faxriy “Oskar” bilan taqdirlandi. Bu haqda “Variety” xabar berdi.
Keltirilishicha, mukofot asosiy “Oskar” marosimidan alohida o‘tkaziladigan “Governor Awards” tadbirida topshirilgan. Qariyb 40 yillik kino faoliyati davomida Kruz to‘rt marta “Oskar”ga nomzod bo‘lgan, biroq hech qachon g‘olib chiqmagan edi.
Kruz avval “To‘rtinchi iyulda tug‘ilgan” va “Jerri Maguayr” filmlari uchun “Eng yaxshi erkak roli”, “Magnoliya” filmi uchun “Eng yaxshi ikkinchi plandagi erkak roli”, shuningdek, “Top Gan: Maverik” filmi uchun prodyuser sifatida nominatsiyaga qo‘yilgan.
Faxriy “Oskar” kino sanoatidagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Uning avvalgi egalari orasida Charli Chaplin, Judi Garland, Federiko Fellini, Frensis Ford Koppola va Spayk Li kabi afsonalar bor. Endi bu ro‘yxatdan Tom Kruz ham o‘rin oldi. Uni Gollivudda pandemiyadan keyin kinoprokatni tiklashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “kinoni qutqaruvchi” deb atashadi.
Ma’lumot o‘rnida, Tom Kruz 1962 yil 3 iyulda AQSHda tug‘ilgan. U kino sohasidagi faoliyatini 1981 yilda boshlagan. Kruz – bir necha bor “Oltin Globus” mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, u 570 million dollarlik boyligi bilan dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi aktyorlardan biri hisoblanadi.
Tom Kruz ishtirokidagi filmlar Shimoliy Amerikada 4 milliard dollardan ortiq, butun dunyo bo‘ylab esa 10,1 milliard dollar daromad keltirgan. U kino tarixidagi eng katta daromadli aktyorlar qatorida turadi.
Kruz nafaqat rollari, balki “Uddalab bo‘lmas topshiriq” seriyasidagi xavfli kaskadyorlik harakatlari hamda Stenli Kubrikdan tortib Pol Tomas Andersongacha bo‘lgan mashhur rejissyorlar bilan ishlagani bilan ham tanilgan.
Qobilova Komila