Toshkent metrosida “svet” o‘chib qoldi (video)
Jamiyat
−
13:59 2519 1 daqiqa
Bugun, 4 iyun kuni elektr bilan bog‘liq muammolar sababli Toshkent metropoliteni faoliyatida uzilish kuzatildi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 12:41 atrofida Toshkent metropolitenining “O‘zbekiston”, “Chilonzor” hamda “Yunusobod” yo‘nalishlarida shahar elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan yuqori kuchlanishdagi uzilish sababli elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilish kuzatilgan. Mazkur holat metro poyezdlari harakati hamda bekatlardagi yoritish tizimlari faoliyatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Vaziyat metropoliten mutaxassislari tomonidan zudlik bilan nazoratga olinib, elektr ta’minoti to‘liq tiklangunga qadar harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida zaxira generatorlari ishga tushirilgan. Ushbu tizimlar yordamida metropoliten faoliyati uzluksiz nazorat qilinib, poyezdlar harakati xavfsizligi ta’minlangan.
Bildirilishicha, hozirgi vaqtda elektr ta’minotida qisqa uzulishlar kuzatilmoqda, metro poyezdlari harakati mas’ul xodimlar tomonidan nazorat qilinmoqda.
“Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilarimizdan uzr so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosining “Xalqlar do‘stligi” bekatiga kirib borgan 1984 yilda ishlab chiqarilgan 15-sonli harakat tarkibida qisqa muddatli texnik nosozlik aniqlangandi.
Live
Barchasi