Toshkent yo‘llarini ta’mirlash uchun 14 mlrd so‘m ajratiladi
Jamiyat
−
18 aprel 1087 1 daqiqa
Toshkent shahrida yo‘llarni ta’mirlash ishlari uchun 14 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqovning kecha, 17 aprel kuni qabul qilingan “Toshkent shahridagi ayrim yo‘llarni ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur mablag‘lar shaharni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan yo‘naltiriladi va yo‘l ta’miri bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga sarflanadi.
Qarorga ko‘ra, poytaxtning 12 ta tumaniga har biriga 1 mlrd so‘mdan, jami 12 mlrd so‘m ajratiladi. Yana 2 mlrd so‘m markaziy ko‘chalarni saqlash, ekspluatatsiya qilish va ta’mirlashga ixtisoslashgan boshqarmaga beriladi.
Mazkur qaror ijrosi ustidan nazorat Toshkent shahar hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov zimmasiga yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili ham jamg‘arma hisobidan yo‘l ta’miri uchun 12 mlrd so‘m ajratilib, tumanlar o‘rtasida teng taqsimlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oxirgi 7 yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi