Toshkentda 556 ming dollarlik kriptovalyutani aylantirgan yigit ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahar Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida 6 milliard 700 million so‘mdan ortiq miqdordagi noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs ushlandi. Bu xaqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, tekshiruvlar jarayonida 2004 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi fuqaroning iPhone 17 Pro rusumli telefoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda fuqaroning smartfoniga o‘rnatilgan ilovalar va turli akkauntlar orqali katta miqdorda kriptoaktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangani aniqlangan. Gumonlanuvchi yigit P2P orqali noqonuniy kirim-chiqim operatsiyalari yordamida jami 556 ming dollardan ko‘proq, ya’ni 6 milliard 700 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan. Unga nisbatan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kerakli hujjatlar to‘planib, Yashnobod tumani tergov bo‘limiga topshirilgan. 

“HTX va Bitget kriptobirjalarida P2P amaliyotlarini bajardim. Shug‘ullanayotganimda bu harakatlar noqonuniy ekanligini bilmasdim. Ichki ishlar organlari xodimlari bu kabi ishlar noqonuniy ekanligini va bu qanday oqibatlarga olib kelishini tushuntirishdi. Hozirda qilgan ishimdan pushaymonman. Bu ishni boshqa qilmoqchi emasman”, degan gumonlanuvchi yigit. 

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 fevral kuni Surxondaryoda 3,5 mlrd so‘mlik noqonuniy kripto aylanmasi fosh etilgan edi.

Shahzoda Shukurullayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent noqonuniy kriptovalyuta

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing