Toshkentda qo‘poruvchilik qilmoqchi bo‘lgan yigit qamaldi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda terrorchilar bilan aloqa o‘rnatib, Toshkent shahrida qo‘poruvchilik harakatini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan qashqadaryolik 20 yoshli yigit 6 yilga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, sudlanuvchi T.N. 2023 yildan boshlab internet orqali mustaqil ravishda diniy bilim va tushunchalarni o‘rganishi davomida diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushgan.

Buning natijasida u mamlakatdagi islohotlardan qattiq norozi bo‘lib, O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan va respublikada faoliyati taqiqlangan Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti a’zolari bilan yaqin aloqada bo‘lgan holda, ularning qo‘poruvchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni boshlagan.

Shundan so‘ng, T.N. Instagram’dagi shaxsiy sahifasi orqali yuqorida keltirilgan terrorchi tashkilotga a’zo bo‘lgan tojikistonlik “Xabargo‘yi suriya” profili foydalanuvchisi bilan aloqada bo‘lib, uning ta’sirida diniy qarashlari radikallashgan.

Yigit jangovar harakatlarda ishtirok etish va “Tavhid va jihod katibasi” tarkibiga qo‘shilish maqsadida Suriyaga chiqib ketish yo‘llarini surishtirgan. Shuningdek, u o‘zi tinglab kelgan terrorchilik tashkilotlari g‘oyaviy rahnamolarining jihodga chorlovchi ma’ruzalaridan ta’sirlanib, Toshkent shahri hududida qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishga tayyorgarlik ko‘rgan.

Shu bilan birga, sudlanuvchi uyali aloqa vositalarida taqiqlangan diniy ekstremistik va terrorchilik materiallarini saqlab, ularni internet orqali tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining sanksiya qismida uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolarini qo‘llash ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, sud T.N.ga yengillashtiruvchi holatlarni qo‘llagan holda, insonparvarlik prinsiplari asosida 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda terrorizm va separatizmda gumonlangan shaxs qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent yigit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing