Toshkentda Tojikistondan narkotik olib kelgan 2 kishi qo‘lga tushdi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida xonadonida umumiy qiymati 412 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlagan, shuningdek, Toshkent shahrida mashinasida 967 gr bo‘lgan “gashish” olib ketayotgan fuqaro ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan giyohvandlik vositasining aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Jumladan, Yunusobod tumanida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvida bo‘lgan Cobalt rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning salon qismida sof og‘irligi 967 gr bo‘lgan “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sherigi hisoblangan 1985 yilda tug‘ilgan fuqarodan  ham 1 kg 992 gr “gashish” moddasi olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 28 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 246-moddasi (Kontrabanda )2-qismi va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari hamda Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan ichki ishlar hamda bojxona idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanidagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, unda 1956 yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli 6880 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Kelgusida Toshkent shahrida sotilishi rejalashtirilgan ushbu dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan bo‘lib, umumiy qiymati 412 mln so‘mni tashkil etadi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bo‘stonliqda xonadonida narkotik va qurol saqlagan aka-ukalar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Tojikiston Davlat xavfsizlik xizmati narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing