Toshkentda Tramp ustidan IIBBga shikoyat qilgan shaxs jazolandi (audio)
Jamiyat
−
14 yanvar 14019 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida noma’lum shaxs poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilib, AQSH Prezidenti Donald Tramp ustidan shikoyat qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilib, unga 1 mln 236 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatga ko‘ra, mazkur ish joriy yilning 7 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.K. 2026 yil 6 yanvar kuni mast holatda Toshkent shahar IIBB “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, “AQSH Prezidenti Donald Trampga chora ko‘rishni va uning Oq uyda yashab kelishi haqida” xabar berib, maxsus xizmatlarni aldab chaqirgan.
Shuningdek, mazkur shaxs holat bo‘yicha surishtiruv ishlarini olib borish uchun borgan ichki ishlar xodimlarining ichki ishlar binosiga borish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.
Sud surishtiruv organi tomonidan fuqaroning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganini ma’lum qilgan.
Shu bois fuqaroga nisbatan ushbu ikki modda bilan bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni yuritish, uning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomati yo‘qligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasining (ma’muriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yo‘q bo‘lsa)1-bandiga asosan tugatilgan.
Biroq fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 199-moddasida (maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirganlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik harakatlarini sodir qilganlikda aybli deb topilgan va unga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida – 1 236 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Live
Barchasi