Toshkentda o‘zbekistonlik yoshlar sovetparastlar hujumiga uchradi (video)
Jamiyat
−
11 may 45310 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston bayrog‘i bilan chiqish qilayotgan bir guruh yoshlar Toshkent shahrida sovetparastlar hujumiga uchragani aks etgan video tarqaldi.
Unda “O‘lmas polk” bilan “9 may – Xotira va qadrlash kuni”ni nishonlamoqchi bo‘lganlar qatorida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston” deb kuylayotgan yoshlarning chiqishlari ayrim rusparast qatlamga yoqmagan.
Ular buni o‘z tadbirlarini buzishga urinish sifatida baholab, bu chiqishni USAID tomonidan moliyalashtirilgan, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirovning topshirig‘i asosida tashkil etilgan deb iddao qilgan.
Tilshunos olim Eldor Asanovga ko‘ra, “O‘lmas polk” chet davlatning siyosiy ta’sirini kuchaytirishga xizmat qilayotgan tadbir ekan, bunga qarshi chora ko‘rish kerak.
“Aslida sananing nomi “Xotira va qadrlash kuni” deb o‘zgartirilishi uni o‘zlashtirish, milliylashtirish sari bir qadam edi. O‘sha sanada mana bunday mojarolar kelib chiqmasligi uchun balki sanani nishonlashni ham tartibga keltirib qo‘yish kerakdir. Faqat O‘zbekiston bayroqlari bilan faqat ma’lum nuqtalarda nishonlash, qabristonlarni ziyorat qilish kabi.
Mayli, endi siyosiy qarashlar har xil bo‘lishi mumkin: kimdir kommunist, kimdir Rossiyani yaxshi ko‘radi, bu normal. Kimlardir g‘alabaniyam nishonlashi mumkin mayli, bu narsalarni taqiqlash to‘g‘rimasdir. Lekin Rossiya propagandasi bu miyalarni shu qadar obdan yuvganki, ularning qarashlari salkam diniy ishonchga aylanib qolgan: faqat o‘zining qarashi yagona haq, mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan qarash, faqat ularning harakatlari to‘g‘ri, bahsga o‘rin yo‘q; kimdir qo‘shilmasa, uni Alisher Qodirov USAIDʼga qo‘shilib sotvolgan, ularni qamash kerak, yo‘q qilish kerak (bobolarining o‘ligini minnat qilish ham qo‘shiladi argument sifatida). Shu qadar zombilashgan, noadekvat, agressiv qatlam.
Yoshlar chiqib, “Xotira va qadrlash kuni”ni O‘zbekiston bayroqlari bilan nishonlaganidan bunchalik norozi bo‘lish uchun yo O‘zbekistondan nafratlanish, bu davlatni tan olmaslik kerak, yo rus propagandasining zombisi bo‘lish kerak”, deya yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov O‘zbekistonda SSSR bayroqlarini ko‘tarib chiqish – amaldagi konstitutsiyaviy tuzumimizga zid bo‘lgan, yot kommunistik g‘oyalarni yoqlash sifatida qabul qilinishi lozimligi borasidagi taklifni ilgari surgandi.
Live
Barchasi