Toshkentda yo‘l haqini to‘lamagan 6 mingdan ortiq shaxs jazolandi
3-sahifa
−
17 Sentabr 13222 2 daqiqa
Toshkent shahrida joriy yil boshidan buyon yo‘l haqini to‘lamagan 6 mingdan ortiq shaxs jazolandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi tomonidan Toshkent shahri avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanayotgan yo‘lovchilarga nisbatan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri davomida 6182 nafar qoidabuzarlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 144-moddasiga ko‘ra, trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda, marshrut taksisida yo‘lkira haqi to‘lamasdan yuk olib yurish, har bir yuk joyi uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismi (41 200 so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 yanvar kunidan boshlab avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatilgan edi. Ayni shu sanadan boshlab poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 (uch ming) so‘m etib belgilandi. Bunda to‘lov elektron to‘lov tizimi (transport yoki bank kartasi) orqali amalga oshirilganda hozirgidek o‘zgarishsiz qoladi – 1 700 so‘m. Barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi. Keyinchalik, Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Turg‘unov O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida avtobuslarga ortiqcha yuk bilan chiqilganda qo‘shimcha to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani haqida gapirgandi.
Live
Barchasi