Toshkentdagi xonadondan 1,5 mlrd so‘mlik narkotik topildi (video)
3-sahifa
−
26 iyun 4200 1 daqiqa
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroning uyidan 1 milliard 506 million so‘mlik sintetik giyohvandlik vositasi topildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tumanda joylashgan mavzelardan birida S. ismli shaxs qo‘lga olinib, uning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan hamda undan 5 gramm giyohvandlik vositasi topilgan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash manzili ham xolislar bilan ko‘zdan kechirilgan. Aynan mana shu xonadonda giyohvandlik vositalari saqlanayotganligi aniqlangan.
Uydagi mebelning tagidan 3 dona qora paketning ichida oq rangli kukunsimon modda, ko‘k rangli izolentaga o‘ralgan kukunsimon moddalar, elektron tarozilar, zip-paketlar aniqlangan.
Tezkor tadbir natijasida 6 ming insonni zaharlashi mumkin bo‘lgan, bahosi 1 milliard 506 million so‘mlik 1 kilogramm 805 gramm sintetik giyohvandlik vositalarining tarqalishi oldi olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘shni davlatlardan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 8,2 kilogramm narkotik moddalar to‘xtatib qolingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi