Toshkentdagi “propiska” tizimi sharmandali edi – Sodiq Safoyev

Jamiyat

image

Ilgari Toshkent shahrida mavjud bo‘lgan “propiska” tizimi sharmandali edi. Bu haqda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida to‘xtaldi.

Sodiq Safoyev “Yuzma-yuz” loyihasida Yangi O‘zbekiston – Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan strategik o‘zgarishlar haqida gapirgan. Asli toshkentlik bo‘lgan Safoyev Toshkentning nechog‘lik azimligini, viqori, mehmondo‘st xalqi, takrorlanmas shevasi haqida aytar ekan, shunga qaramay Toshkentda ko‘p yillar davomida shaharsozlik rivojlanmaganini aytgan.

Toshkentda jamoatchilik transportiga emas, balki shaxsiy avtomobillarga e’tibor qaratilganini ham eslagan. Safoyevning aytishicha, bir paytlar Toshkent shahri odamlar uchun mo‘ljallangan emas, balki avtomobillar uchun mo‘ljallangan holatga kelib qolgan. Bularning asosiy sabablardan biri propiska tizimining qattiq rejimi bo‘lgan. Odamlar “propiska” masalasidan naqadar qiynalganini ham alohida ta’kidlagan. 

“Davlat rahbarining inson huquqlarini ustuvor qo‘ygan siyosati natijasida ilgarigi sharmandali “propiska” tizimi bekor qilindi. Bu nima degani? Shu vatanning farzandi bo‘la turib, odamlar Toshkentda o‘z xohishi bilan yashay olmasdi. Bu taqiqlangan edi. Ular ishga joylasha olmagan, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, hatto qonuniy yashash imkoniyatidan ham mahrum qilingandi”, deydi senator.

Sodiq Safoyev suhbat davomida, oxirgi yillarda jamoatchilik transporti rivojlanganini alohida e’tirof etgan. 

“Bugungi metro bilan 10 yil oldingi metroni qiyoslab bo‘lmaydi. Bugun kuniga millionlab odamlarga xizmat qilyapti. Lekin baribir bular Toshkentdagi issiqlik energiyasi, yo‘llar kabi qator muammolarni yechishga yordam bermadi. Shu sababli, Yangi Toshkent bunyod etildi” deydi senator.

Qayd etish joiz, qariyb 30 yil davomida Toshkentda doimiy propiska olish huquqi keskin cheklab kelingan. 2020 yil aprel oyida Prezident farmoni asosida qonunchilikka o‘zgartirish kiritilib, mazkur cheklovlar bekor qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Sodiq Safoev “propiska”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing