Toshkentning bosib olinishiga 160 yil: shaharni sotganlar kim?

Tahlil

image

29 iyun kuni general Mixail Grigorevich Chernyayev boshchiligidagi rus bosqinchilarining Toshkentni egallab olganiga 160 yil to‘lgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti olimlari tomonidan “Toshkent bosqinining 160 yilligi: haqiqat va uydirmalar” mavzusida ilmiy yig‘in o‘tkazildi. Ma’lumki, rus bosqinchilari Turkistonning muhim harbiy-siyosiy, iqtisodiy markazlaridan biri sanalmish Toshkentni  qo‘lga kiritish maqsadidagi dastlabki hujumlarini 1864 yil 1 oktyabrda boshlagan va 1865 yilning 29 iyunida o‘z niyatlariga erishgan. Ilmiy yig‘inda akademik Azamat Ziyo mavzu ilmiygina emas, siyosiy mazmunga ham egaligi, bosqin va unga qarshi kurashni shunchaki tarixiy voqea emas, balki bosqinchilarning chin tabiati va xalqning erkinlik tuyg‘usi nuqtai nazarlaridan o‘rganish va yoritish kerakligi, Rossiya imperiyasining Turkistonga tajovuzini oqlash bo‘yicha singdirib kelinayotgan turli “ilmiy-nazariy” nayranglarni ochib tashlash zaruratini ta’kidladi.

Shaharning bosib olinishi o‘zbek xonliklarining birin-ketin istilo qilinishiga muhim sharoit yaratib berdi. Toshkentning qo‘ldan ketishi nafaqat vaqt masalasi, balki bir necha shaxslarning o‘z manfaatlarini vatan tuyg‘usidan ustun qo‘ygan ham edi. Xo‘sh, 160 yil oldin Toshkent osmonida qanday bulutlar kezayotgan edi? Rus bosqinchilari nayranglari va ularga xizmat qilgan mahalliy savdogarlar haqida nimalar ma’lum?

“Rus sardorlari va askarlarini olib kelib, ularga shaharni topshirdik…”

1865 yildaги Toshkent shahri режаси

Tahlillarga ko‘ra, XVI asr boshidan – Temur va temuriylar saltanati inqirozidan keyin boshlangan beqarorlik oqibatida Turkiston XVIII-XIX asrlarga kelib dunyoning ko‘pgina mamlakatlaridan orqada qolayotgani sezilgandi. Rus bosqinchilarining qozoq juzlarini birma-bir bo‘ysundirganidan keyingi yurishi o‘zbek xonliklariga edi va bunda Qo‘qon xonligi tarkibidagi siyosiy, iqtisodiy, ma’muriy va yirik savdo-sotiq markazlaridan biri hisoblangan Toshkent dastlabki nishon bo‘ldi.

Qalin devor bilan o‘ralgan, 12 darvozali bu shaharni bosib olish maqsadida qilingan ilk hujum 1864 yil kuzida amalga oshiriladi, ammo toshkentliklarning shaharni qattiq himoya qilishi natijasida Chernyayev o‘z maqsadiga erisha olmaydi. Shunday qilib, bosqinchilar keyingi yilga qolgan hujumni 1865 yilning aprelida davom ettiradi va 17 iyunda Toshkentni butkul bosib oladi. Shundan so‘ng shahardagi 12 darvozaning rasmiy oltin kalitlari Chernyayevga topshiriladi hamda Toshkent va unga qarashli yerlarda chor Rossiyasining hukmronligi o‘rnatiladi.

General Mixail Grigorevich Chernyayev

General Chernyayev go‘yo shahar o‘z xohishi bilan chor Rossiyasiga qo‘shilgani haqida hujjat tayyorlaydi va bir necha toshkentlik mulozimlarni uni tasdiqlashga majburlaydi. Bunday yolg‘onni xoinlik deb hisoblagan mulozimlar esa Sibirga surgun qilinadi. Bu hujjat Rossiyani raqibi Angliya va dunyo oldida oqlash uchun ham kerak edi.

2009 yilda nashrdan chiqqan “Toshkent” ensiklopediyasiga ko‘ra, mazkur hujjatda “… fuqaro va mamlakat tinchligi uchun tamomi ixtiyorimiz va rag‘batimiz bilan rus sardorlari va askarlarini olib kelib ularga shaharni topshirdik”, jumlasi bor edi. O‘sha davr tarixchisi Muhammad Solihxo‘janing yozishicha, qalbaki hujjat mazmuni bayon etilgach, shahar a’yonlaridan biri domla Muhammad Solihbek Oxund uni tasdiqlashdan bosh tortib, shunday javob qilgan:

“Bizlar voqea va hodisalarni bekitmasdan ma’lum qilamizki, Toshkentdan Oqmasjidgacha va bu yerdan Fuljagacha bo‘lgan shahar va qal’alar Toshkentga qarar edi. Bu joylarni rus askarlari urush va talash bilan qo‘llariga kirgizdilar. Urush to‘satdan, muhlatsiz va so‘zsiz olib borildi. Toshkent shahri zulhijja oyining yarmidan boshlab safar oyining 12 kunigacha, ya’ni 42 kun davomida suvsiz, oziq-ovqatsiz qoldirildi. Mullo Alimqul lashkarboshi shahid bo‘lgandan keyin sardorsiz qoldi.

Buxoro, Xorazm va farg‘onaliklar yordam bermadilar. Toshkentliklar vatani va dini uchun qattiq turib urushni davom ettirdi. Seshanba kuni yarim kecha o‘tgandan keyin, saharga yaqin rus askarlari Xiyobon darvozasi va qal’aning devori ustidan fuqaro uyqudaligi vaqtida bostirib kirdi. Shundan keyin yana urushga kirishib, payshanba kunigacha ikki kecha-kunduz urishib turdilar. Bu o‘rtada ko‘p imoratlar, do‘konlar va uy-joylarga o‘t tushib och, tashna, suvsiz yakkama-yakka urush bo‘lib, oxirida yarashish sulhi tuzildi”.

Bundan g‘azablangan Chernyayev Muhammad Solihbek va uning tarafdorlarini, xususan, Hakimboy, Berdiboy, Azimboy, Mulla Mirzaa’lam Oxund, Mulla Muzaffarxo‘ja va Mulla Fayzinor Domlalarni surgun qiladi.

Shunday bosim ostida qolgan boshqa shahar a’yonlari bosqinchi Chernyayev aytgan ahdnomani talab qilingan mazmunda tayyorlab berishni o‘z zimmalariga oladi.

Sotmaydi yurtini biror otboqar.

Sotsa, zerikkandan ziyoli sotar...

Shoir Muhammad Yusufning “Ajab” she’rida keltirilgan ushbu misralar naqadar haqiqat ekanini Toshkentga qilingan xiyonatlar misolida ko‘rish mumkin. Tarixchi olim Hamid Ziyoyev o‘zining “O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashlarning tarixi” kitobida yozishicha, Toshkentni egallab olishda ruslarga shahar ichidan “yordam qo‘li” uzatilgan.

Xususan, 1864 yilning kuzidagi hujum davomida Dug‘lat qabilasining boshliqlaridan biri rus qo‘shinlariga josus sifatida xizmat qilgan Boyzoqboy nomli kishi qatl etilganidan so‘ng uning o‘g‘li Oqmulla shaharni egallash uchun tayyorgarlik ishlarini ko‘rib, oziq-ovqat, qurol-aslaha va boshqa narsalarni Toshkentga olib borishda bosqinchi Chernyayevga xizmat qilgan.

O‘sha yilning noyabrida Toshkent amaldorlaridan biri Abdurahmonbek Shodmonbekovning Chernyayev nomiga yozilgan xatini olib ketayotgan josus qo‘lga olinadi. Muallifga ko‘ra, rus generali shahar haqida muhim ma’lumotlarni ba’zi kishilar orqali shu yo‘sinda olib turgan. Abdurahmonbek Toshkentdan qochib, Chernyayev huzuriga borishga ulguradi.

Hamid Ziyoyevning yozishicha, keyinchalik aynan Abdurahmonbek maslahati bilan shaharni suvdan mahrum etib, uni taslim etish maqsadida Chirchiq yonidagi Niyozbek qal’asi egallanadi va Kaykovus arig‘idagi to‘g‘on buzilib, Chirchiq daryosiga burib yuboriladi.

Shunga qaramay, shaharni saqlab qolish uchun katta janglar olib boriladi. Hatto bosqinchilar Kamolon darvozasini yorib o‘tib, ichkariga kirishga muvaffaq bo‘lsa-da, qarshi kurashlar mahalla va ko‘chalarda ham davom etadi. Ammo muallifga ko‘ra, rus otryadi ayrim xoin kishilar orqali shahardagi o‘q-dori omborini topib, uni portlatishga muvaffaq bo‘ladi. Bu shahar mudofaasi taqdirini hal qilgan omillardan biri hisoblanadi.

Suvsizlik, yo‘qchilik va o‘q-dori yetishmasligi shahar xalqi tinkasini quritadi. Oqibatda 1865 yil 17 iyunda toshkentliklar dushman hujumiga bardosh bera olmay, taslim bo‘lishga majbur bo‘lgan.

Ba’zi manbalarda toshkentlik boy savdogarlar Rossiya imperiyasida bojsiz savdo qilishni istagani uchun ham rus bosqinchilariga shaharning nozik nuqtalari, qo‘riqlanish tizimi va boshqa muhim ma’lumotlarni yetkazib turgani aytiladi.

Shuningdek, ularning na Qo‘qon xonligi va na Buxoro amirligiga bo‘ysunishni istamagani ham general Chernyayevga zimdan xizmat qilishiga sabab bo‘lgani aytiladi. Masalan, Muhammad Soatboydek obro‘li odamlar Chernyayevni qo‘llab-quvvatlagan.

Polkovnik Andrian Serebrennikov o‘zining 1914 yilda nashr ettirilgan “Turkiston o‘lkasining bosib olinish tarixidagi materiallar to‘plami. Turkiston o‘lkasi” nomli kitobida ta’kidlashicha, ichki dushman, ya’ni savdogarlarning bir guruhi Chernyayevni qo‘llab-quvvatlab, unga ishonch bildirib, Toshkent darvozalarini ochib berishni va’da qiladi. Bu esa savdogarlarga Moskva va Novogorod shaharlarida bojsiz erkin savdo qilish imkonini beradi.

To‘g‘ri, barcha savdogarlar ham o‘z kelajagini ruslar tarkibiga qo‘shilishda ko‘rmasdi, lekin toshkentliklar bundan buyon Qo‘qon tarkibida qolish yoki Buxoroga qo‘shilish ular uchun hech qanday yaxshilik olib kelmasligini, ularning hayotiy manfaatlari ko‘proq markazlashgan boshqaruvni himoya qilishni talab qilishini anglab, shaharning kelajakdagi taqdirini o‘ylashardi.

Shuningdek, Serebrennikovga ko‘ra, shaharlik boylardan biri To‘raxon Zaybuxanov 1865 yilda Peterburgga borib, u yerda imperator huzuriga kirib, Toshkentni bosib olish taklifini beradi. Toshkentlik 50 ta nufuzli kishi ruslarni qo‘llab-quvvatlashini va hattoki, 2 ming kishini yordamga berishini aytgan.

Insonlar ketadi, izlari qoladi

XVIII-XIX asrlarda Qo‘qon xonligi mintaqadagi boshqa xonliklardan tashqari Xitoy, Hindiston, Eron va boshqalar bilan karvon yo‘llari orqali qizg‘in savdo munosabatlariga kirishgan edi. Ayniqsa, 1800 yillarning ikkinchi o‘n yilligidan boshlab Rossiya bilan savdo-sotiq ishlari yana ham jadal tus olgan. Ammo XIX asr boshlarida Rossiya bilan Qo‘qon xonligi o‘rtasida boshlangan do‘stlik muhiti XIX asr o‘rtalariga kelib dushmanlik kayfiyati bilan almashinadi.

O‘z vatani yoki Rossiya bilan savdo-sotiq tanlovi qarshisida qolganida bir necha savdogar va amaldorlar taassufki, ikkinchi yo‘lni tanlagan. Ularga yurt ozodligi emas, yurib turgan savdo va boshqa manfaatli aloqalar muhimroq edi. Shuning uchun ham Toshkentni faqat kuch bilan emas, balki ichki xiyonat evaziga ham qo‘ldan ketgan deyish mumkin.

Rus imperiyasining o‘sha vaqtdagi qudrati va dunyo siyosatiga ta’sir doirasi qanchalik keng bo‘lmasin, Toshkent uchun so‘nggi nafasigacha kurashgan, taslim bo‘lmagan va hatto mag‘lubiyatdan so‘ng ham bosh egmagan shaxslar bor edi.

“Qo‘rqoqlik umrni qisqartirmaydi, botirlik o‘ldirmaydi” deganlaridek, vaqtinchalik nafs yoki qo‘rquv oqibatida Toshkentga xiyonat qilganlar ham, shahar uchun jonini fido qilganlar ham o‘tdi. Faqat fidokorlarning ismlari faxr bilan, xiyonatkorlarniki esa nafrat bilan yodga olinadi, xolos.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkentning bosib olinishi Qo'qon xonligi General Chernyaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing