Sobiq “Toshturma” hududi bo‘yicha hokimga senator so‘rovi yuborildi
Jamiyat
−
06 Oktabr 8592 2 daqiqa
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova tomonidan sobiq “Toshturma” hududida qurilishi rejalashtirilgan xiyobon bo‘yicha Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
2018 yil 22 martda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 220-f-sonli farmoyishiga asosan poytaxtning Yunusobod tumani Namangan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi bino-inshootlari va unga tegishli hudud Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan. Mazkur hududda barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklatilgan.
Senatorga ko‘ra, oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosi hanuzgacha to‘liq ta’minlanmagan. Hozirda ushbu yer maydonlari qarovsiz holatda qolayotgani, ayrim qurilish kompaniyalari tomonidan esa hududdan xususiy manfaatlarda foydalanishga bo‘lgan urinishlar kuzatilayotgani fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, senator tomonidan Toshkent shahar hokimiga senator so‘rovi yuborilgan.
Senator Abdukarimova Toshkent shahar hokimidan mazkur hududning hozirgi holati, farmoyishda belgilangan vazifalar bajarilishi kechikkani sabablari hamda tegishli yer maydonini obodonlashtirish va zamonaviy xiyobon barpo etish bo‘yicha ko‘rilgan amaliy choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov tomonidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nomiga senator so‘rovi yuborilgandi.
Live
Barchasi