Senator Toshkentda “svet” ko‘p o‘chayotgani bo‘yicha vazirdan izoh so‘radi
Jamiyat
−
01 avgust 5268 2 daqiqa
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova Toshkentda tez-tez elektr energiyasi uzilayotgani yuzasidan izoh so‘rab, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga senatorlik so‘rovi yubordi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, senator o‘z so‘rovida Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida so‘nggi paytlarda uzilishlar ko‘paygani – aholining kundalik hayoti, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.
“Aholi va tadbirkorlar tomonidan elektr ta’minotidagi 3-4 soatlik uzilishlar bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bildirilmoqda. Ushbu uzilishlar nafaqat fuqarolarning kundalik turmush tarziga, balki tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining barqaror ishlashida ham muammolar yuzaga kelmoqda”, deyiladi senatorning so‘rovida.
Shuningdek, Abdukarimova svetoforlar faoliyatidagi uzilishlar transport harakatini tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirayotgani, bu esa yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solayotganini bildirgan.
“Shuningdek, ishlab chiqarish va savdo ob’ektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqishi oqibatida yirik moliyaviy zararlar yuzaga kelayotgani, xonadonlarda esa maishiy texnika vositalarining ishdan chiqishi holatlari aniqlanmoqda”, deyiladi so‘rovda.
Senat matbuot xizmati iste’molchilarning bu boradagi huquqlarini eslatib o‘tgan. Qayd etilishicha, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasiga (elektr energiyasi iste’molchisining huquq va majburiyatlari) ko‘ra, elektr energiyasi iste’molchilari sifatli va barqaror elektr energiyasini olish huquqiga ega. Shuningdek, ushbu qonunning 61-moddasida (elektr ta’minotini vaqtincha to‘xtatib turish yoki cheklash) ta’kidlanishicha, ta’minotni to‘xtatish yoki cheklash faqatgina baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Toshkent shahrida elektr ta’minotida uzilishlar tez-tez kuzatilayotganini kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bilan izohlagandi. Energetika vazirligi esa O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilanib, birinchi marta yozgi iste’mol hajmi qishgi iste’mol hajmini ortda qoldirganini ma’lum qildi.
Live
Barchasi