“Tottenxem”ning ikki nafar hujumchisi avtohalokatga uchradi
Sport
−
28 yanvar 1289 2 daqiqa
Londoning “Tottenxem” jamoasi hujumchilari Randal Kolo-Muani va Uilson Odober kichik yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda kecha, 27 yanvar kuni jamoa bosh murabbiysi Tomas Frank ma’lum qildi.
Frankning so‘zlariga ko‘ra, avtohalokat Frankfurtga jo‘nab ketish arafasida sodir bo‘lgan, biroq u hodisaning barcha tafsilotlaridan xabardor emas.
“Afsuski, ikkalasi ham kichik baxtsiz hodisaga uchradi. Eng muhimi — hodisada ishtirok etganlarning barchasi sog‘-salomat”, deydi Frank jurnalistlarga.
Uning aytishicha, futbolchilarning holati yaxshi va ularning Chempionlar ligasida “Ayntraxt Frankfurt”ga qarshi bahsda maydonga tushishiga umid katta.
“Bu shinaning portlashi sababli yuz bergan. Shu bois ular bir oz kechikishdi, ammo bugun kechqurun Frankfurtga yetib borishadi. Ular bir mashinada bo‘lganmi yoki yo‘qmi, aniq bilmayman”, deya qo‘shimcha qildi jamoa bosh murabbiysi.
Murabbiy futbolchilar bilan hali shaxsan gaplashmaganini, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra ularning ahvoli yaxshi ekanini ta’kidladi.
“Ular keyinroq uchib kelishadi va men ikkalasi ham ertangi o‘yinga tayyor bo‘lishiga to‘liq umid qilaman”, deydi Frank.
Ma’lumot uchun, ayni paytda “Tottenxem” Chempionlar ligasi turnir jadvalida 14 ochko bilan beshinchi o‘rinda bormoqda va kamida pley-off bosqichiga yo‘llanmani allaqachon kafolatlagan. “Ayntraxt Frankfurt”ga qarshi uchrashuvdagi g‘alaba esa klubga kuchli sakkizlikdan joy olish imkonini beradi.
Live
Barchasi