Orban Putinga maktub yozib, YeI harakatlariga Rossiyaning reaksiyasini so‘radi
Olam
−
17 dekabr 3388 2 daqiqa
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yozgan maktubida, agar Yevropa Ittifoqi uning G‘arbda muzlatilgan moliyaviy aktivlarini konfiskatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilsa, Moskva qanday javob beradi, deb so‘ragan. Bu haqda uning o‘zi bugun, 17 dekabr kuni Bryusselga borganida ma’lum qildi.
Orban 18-19 dekabrda YeI sammiti bo‘lib o‘tadi, deya ta’kidlab, Rossiya aktivlari va Ukrainaga moliyaviy yordam masalasining uchrashuvda asosiy mavzu bo‘lishini aytdi. U bir necha hafta avval Rossiya Prezidentiga maktub yozgani, unda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini olib ketsa, javob beriladimi va “rossiyaliklar bu qarorni qo‘llaganlarni inobatga oladimi?” deb so‘raganini esladi.
Orbanning so‘zlariga ko‘ra, Moskvadan kelgan javobda YeI Rossiya aktivlarini ekspropriatsiya qilsa, “barcha xalqaro huquqiy vositalardan foydalangan holda qat’iy javob beriladi” deyilgan. Shu bilan birga, maktubda Rossiya rahbariyati bu masalada YeI davlatlari pozitsiyasini ham inobatga olishini qayd etgan.
“Shu tariqa, biz, vengerlar, o‘zimizni himoya qildik va ochiq bildirdik, men buni hozir ham qilaman: Vengriya nafaqat Rossiyadan, balki boshqa har qanday davlatdan ham muzlatilgan oltin valyuta zaxiralarini olib qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Vengriya bunga hech qachon va hech qanday sharoitda rozi bo‘lmaydi”, deydi Bosh vazir.
Orban avvalroq oktyabr oyida Putin bilan shu masalada maktub almashganini aytgan.
Orban Bryussel sammitida Rossiya aktivlari konfiskatsiyasiga qarshi chiqishini tasdiqladi va agar Yevropa Ittifoqi shunday qaror qabul qilsa, Vengriya YeI sudiga da’vo bilan murojaat qilishini bildirdi. Hukumat rahbari fikricha, G‘arbda Rossiya aktivlarini egallab olish aslida urush e’lon qilishga teng. Uning aytishicha, “mamlakatdan yuzlab milliardlar olib qo‘yilishi tarixda hech qachon javobsiz qolmagan”.
12 dekabrda Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya suveren aktivlarini cheklovsiz bloklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Yevropa komissiyasi 18-19 dekabrdagi sammitda YeI davlatlaridan 210 milliard yevro miqdorida Rossiya aktivlarini konfiskatsiya qilish qarorini qabul qilishga umid qilmoqda, shundan 185 milliard yevro Belgiyadagi Euroclear platformasida bloklangan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropa davlatlarida muhokama qilinayotgan Rossiya aktivlarini musodara qilish tashabbusini “o‘g‘rilik amali” deb baholagan. Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiya aktivlari ehtimoliy musodara qilinishiga javob choralari variantlari mamlakat rahbariyatiga taqdim etilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy Yevropa Ittifoqining muzlatilgan Rossiya aktivlarini Ukraina manfaatlari yo‘lida ishlatishiga qarshi ekanini bildirgandi.
Live
Barchasi