Tojikistonda 34 ofitser harbiy qismdan qochib ketdi
Olam
−
08 Oktabr 16274 2 daqiqa
Tojikistonda 2024 yilda harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlik holati yuzasidan 107 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 30 yigit sudlangan. Bu haqda Tojikiston Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) Umid Bobozoda o‘zining yillik hisobotida ma’lum qildi.
Ombudsmanning so‘zlariga ko‘ra, ularga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 343-moddasi (harbiy va muqobil xizmatni o‘tashdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunning ushbu moddasi 37 ming 500 somoniydan (4031 dollar) 75 ming somoniygacha (8063 dollar) jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil, shuningdek, o‘tgan yili harbiy xizmatchilarni kaltaklash va haqorat qilish yoki rasmiy tilda aytganda, “harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik qoidalarini buzish” bo‘yicha 95 ta holat qayd etilganini aytdi. Shuningdek, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan 13 nafar harbiy komissarlik xodimi jazolandi.
Manbaga ko‘ra, 2024 yilda 34 ofitser harbiy qismlardan qochib ketgan, yana 28 nafari o‘z xizmat punktlarini ruxsatsiz tark etgan. Ombudsman ushbu harbiylarning harakatlarini jinoyat deb atadi, biroq ular olgan jazoni ochiqlamadi.
Shu bilan birga, Bobozoda o‘tgan yili ixtiyoriy ravishda harbiy xizmatga borgan yoshlar soni ortganini ta’kidladi.
Bu har yili harbiy xizmatga chaqiruv kampaniyasi boshlanishi bilan yoshlarni Qurolli kuchlar safiga majburiy jalb qilish masalasi, xizmat shartlari va yangi chaqiriluvchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish muhokamalari kuchayib borayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda. Yoshlarning Tojikistonda harbiy xizmatdan qochishining asosiy sabablari sifatida harbiy qismlarda yomon sharoit, askarlarga yaxshi munosabatda bo‘lmaslik, “dedovshina” va yigitlar o‘limi ko‘rsatilmoqda.
Ma’lumot uchun, Tojikistonda 2025 yilda kuzgi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv 1 oktyabrda boshlangan bo‘lib, targ‘ibotning birinchi kunidayoq davlat rejasi 55 foizga bajarilgan edi. Muddatli harbiy xizmatga chaqirish noyabr oyining oxirigacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi o‘zi xizmat qilayotgan harbiy qismdagi binoning uchinchi qavatidan pastga sakragandi.
Live
Barchasi